Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Umidaning qo‘g‘irchoqlariga amerikaliklar ham xaridor

Umida Mahmudova – qo‘li gul hunarmand. U 1986 yilda Samarqand shahrining Dukchiyon mahallasida dunyoga kelgan.

- Tug‘ilganimda boshqa go‘daklar qatori sog‘lom bo‘lgan ekanman, - deydi u. - Onamning aytishicha, endi yura boshlagan paytimda baxtsiz hodisa sabab umurtqam qattiq jarohat olgan. Shundan keyin tanamning ko‘krak qafasidan pastki qismi ishlamay qolgan. Shu sabab to‘shakka mixlanib qolganman.

Umidani buvisi katta qildi. O‘qish va yozishga qiziqtirdi.

- Buvim maktabda nemis tilidan dars berardi, - deydi Umida. – U meni maxsus maktabda emas, sog‘lom bolalar qatorida ta’lim olishimni istagan va o‘zi faoliyat yuritadigan ta’lim muassasasiga olib borgan. Meni o‘qituvchilar va sinfdoshlarim yaxshi kutib olishdi. Aravachada o‘tirsam ham tushkunlikka tushmasdan, o‘zimni sog‘lom bolalardek his qilib, o‘qiy boshladim. Sinfda eng a’lochi o‘quvchilar safida edim. Hech esimdan chiqmaydi, 4-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda tanaffus vaqti maktab bolalaridan biri yonimga keldi-da, yuzimga qarab turib, “cho‘loq”, dedi... Bu so‘z ruhiyatimga qattiq ta’sir qildi. Shundan so‘ng ota-onamga bo‘lgan voqeani aytdim va endi maktabga bormayman, deb turib oldim.

Umidaning ilm olishini chin dildan istagan buvisi va ota-onasi uni uyda bo‘lsa ham o‘qitishni maqsad qildi.

- O‘qituvchilar uyga kelib, dars o‘ta boshladi, - deya so‘zida davom etdi Umida. - O‘quvchilik davrimda tanamdagi kasallik o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Harakatim cheklanganligi bois immunitetim past, quvvatim kam, boshqa kasalliklarga ham tez-tez chalinar edim. 1990 yilda umurtqamni operatsiya qilishgan, ammo foyda bermagan. O‘sha paytlarda shifoxonaga borib kelishda Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti binosi yonidan o‘tayotib, albatta shu oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishni niyat qilganman.

Maktabni tugatgach, bekorchilikdan zerikkan Umida nafaqa pullaridan yig‘ilgan mablag‘ga noutbuk sotib oldi. Internet tarmog‘i orqali tanasidagi dardning tarixini o‘ragana boshladi. Chet elning mashhur universitetlari klinikalariga kasallik tashxisini jo‘natdi.

- Kasalligimning qisman bo‘lsa ham shifosi bor ekan, - deydi suhbatdoshimiz. - Lekin buning uchun katta pul kerak edi. Oilamizda esa bunga imkoniyat yo‘q edi. Moddiy yordam so‘rab hukumatimizga murojaat qildim. Shunda Andijon davlat tibbiyot instituti professori, nevrojarroh Qobiljon Tursunovich  kasallik tariximni o‘rganib chiqib, jarohat olgan vaqtimda umurtqamdagi asab tomirlari karaxt bo‘lib qolganligini aytdi. Chet elda qilinadigan muolajani o‘zimizda ham qilish mumkinligini, qayerda bajarilganda ham butunlay oyoqqa turib ketish qiyin, ammo ko‘krak qafasidan pastki qismida sezgilar paydo bo‘lishini tushuntirdi. Shundan so‘ng shifokor taklifiga binoan, 6 oy davomida Andijonda elektrodli hamda boshqa muolajalarni oldim. Ahamiyatlisi, hech qanday mablag‘ sarflamadim. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘zimni tutadigan bo‘ldim va jismonan yaxshilandim.

Endi Umidaning hayotga bo‘lgan qiziqishi yana-da ortdi. Internet orqali kasb-hunar o‘rganishga kirishdi.

Avvaliga singillarim bilan tort hamda turli xil shirinliklar pishirishni o‘rgandim, - deydi u. - Keyinchalik ro‘zg‘orga foydamiz tegishi uchun, tayyorlagan mahsulotlarimizni yaqin atrofdagi do‘konlar orqali sota boshladik. Kunlarning birida qaysidir ijtimoiy tarmoqda bir videolavhaga ko‘zim tushdi. Unda bir hunarmand bejirim qog‘irchoqlar yasayotgani aks etgan edi. Uni yuklab oldim. Kerakli ip va anjomlarni tayyorladimda, qo‘g‘irchoq to‘qiy boshladim. Bu ishni uddaladim. Tayyorlagan mahsulotlarimdan 2 tasini suratga olib, telegramdagi sinfdoshlarimizning guruhiga joyladim. Ular ko‘rdi-da, narxi bilan qiziqa boshladi. Aslida men ularni sotish uchun tayyorlamagan edim, ammo mijoz topilgach sotdim. Dastlab, qiziqish bo‘lgan bu jarayon bora-bora biznesga aylandi. Hozirgi kunda shahrimizdagi ko‘plab savdo do‘konlariga tarqataman, buyurma asosida chet davlatlarga, jumladan, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya Chexiya, hatto Amerikaga ham pochta orqali mijozlarga yetkazib beryapman. Xorijliklar bir qo‘g‘irchoqni o‘rtacha 20 dollardan xarid qiladi, o‘zimizda esa 100 ming so‘m atrofida sotiladi. Uyda o‘nlab shogirdlar ham tayyorlayapman. Bundan tashqari mendan ijtimoiy tarmoqlar orqali bu hunar sirlarini o‘rganayotganlar ham talaygina.

Umida bu hunaridan  tashqari, tikuvchilik, rassomchilik bilan ham shug‘ullanadi. Shu yil u o‘zi istagan oliy o‘quv yurtining talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Shuningdek, u sport bilan ham shug‘ullanadi. Uzoq masofaga yugurish marafonlarida, aravachada bo‘lsa ham ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda u sportning kamondan o‘q otish turi bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnayapti.

Ha, Umida Mahmudova imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan – talaba, tikuvchi, to‘quvchi, pazanda, rassom, sportchi. U bu bilan to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan ko‘pgina ayollarga o‘rnak bo‘la oladi.

Sitora Rustamova,

Baxtiyor Mustanov (foto).