Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoning eng qadimiy universitetlari

O‘rta maktabni tamomlab, oliygohga o‘qishga kirish har bir yosh avlodning kelajagi uchun juda foydali. Chunki universitet yoki institutlar yuqori darajali bilim olishni, mutaxassis bo‘lishni kafolatlaydi.

Shunday oliygohlar borki, ularning tarixi va qadimiyligi uchun ham u yerda ta’lim olishni bir necha minglab yoshlar orzu qilishadi. Shu bois e’tiboringizga dunyodagi eng qadimiy universitetlarni taqdim etamiz.

Mursii universiteti (1272 yilda asos solingan, Ispaniya)

Ispaniyaning janubiy-sharqida joylashgan Mursii universiteti yoshlarga falsafa, tibbiyot, huquq, biologiya, iqtisodiyot, psixologiya va veterinariya sohalarida ta’lim darajalarini taklif etadi. Kastiliya, Leon va Galisiya qiroli Alfonso X (Dono) ushbu universitetga asos soldi. U ta’lim berishda fan va adabiyot sohalarida an’anaviy lotin tilining o‘rniga, ispan tilining Kastil shevasini qo‘llanilishi tarafdori bo‘lgan.

Universitetning hozirgi binosi 1915 yilda qurilgan. Mazkur oliy ta’lim muassasasi Ispaniyaning eng qadimiy va nufuzli universitetlaridan biri hisoblanadi. Mursii universiteti dunyoning 50 dan ziyod davlatidan yiliga 1000 dan ortiq talabalarni qabul qiladi.

Valyadolid universiteti (1241 yilda asos solingan, Ispaniya)

Ispaniyaning Kastiliya-Leon hududida joylashgan Valyadolid universiteti Kastiliya qiroli Alfonso VIII tomonidan 1208-1212 yillarda asos solingan Palensiya universitetidan ajralib chiqqan. Dastlab unda grammatika, arifmetika, lotin tili, dinshunoslik fanlaridan ta’lim berilgan. Unga huquq, tibbiyot, san’at fakultetlari XX asrning boshlarida qo‘shilgan.

Bugungi kunda Valyadolid universiteti 100 dan ortiq yo‘nalishda bakalavr, 17 yo‘nalishda aspirantura va 50 yo‘nalishda magistratura dasturlari o‘qitiladi. Ispaniyaning yetakchi oliygohi hisoblangan universitetda 30 000 nafar yaqin talaba ta’lim oladi. Ularga 2700 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar dars beradi. Shuningdek, u yerda 950 nafarga yaqin boshqa soha xodimlari ham ishlaydi.

Siyen universiteti (1240 yilda asos solingan, Italiya)

Florensiya viloyatining go‘zal tabiatli markazi Toskana shahrida joylashgan Siyen universiteti juda qadimiy va mashhur hisoblanadi. Universitet ochilgan ilk yillar bu yerda lotin tili, huquq, mantiq va tibbiyot fanlari o‘qitilgan. Mamlakat boshiga tushgan ko‘ngilsizliklarga qaramasdan (Yevropa bo‘ylab tarqagan vabo, ikkita jahon urushi va boshqalar), universitet o‘zining nufuzi va jozibasini saqlab qolgan. Mahalliy aholi mazkur ta’lim maskanining dastlabki qiyofasini saqlab qolish uchun qattiq himoya qilishgan.

Ayni vaqtda Siyena universitetning 9 fakultetida 20 000 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda. U xorijiy talabalarni ham qabul qiladi.

Tuluz universiteti (1229 yilda asos solingan, Fransiya)

Mazkur universitet Raymund VII hukmronligi ostidagi Tuluz grafligi nomi bilan atalgan.

1969 yilda Tuluz universiteti uchta alohida oliygohga bo‘lindi hamda ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari birlashmasiga (Konsorsium) aylandi. Bugun mazkur universitetda 100 000 dan ortiq talaba ta’lim oladi. Talabalarning 11 000 nafari xorijlik.

Neapol Federix II universiteti (1224 yilda asos solingan, Italiya)

Neapolitan universiteti Sitsiliya qiroli va Rim imperiyasi imperatori Fridrix II tomonidan tasdiqlangan hujjatga muvofiq tashkil etilgan.

Biroq 1987 yildagina universitetga Fridrix II nomi berildi. Qirol universitetni qirollik toji bo‘lishini istagan va o‘qituvchi hamda talabalarning ushbu tojga munosib bo‘lishlarini talab qilgan.

Bugungi kunga kelib universitetda 87 ta kafedra faoliyat yuritib, 97 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari Osiyo, Amerika va Yevropaning mamlakatlari bilan tajriba, malaka almashish dasturlarida ishtirok etishmoqda. Xorijdan talabalarni jalb qilish ustida izlanmoqda.

Padui universiteti (1222 yilda asos solingan, Italiya)

Mazkur oliygoh o‘qituvchilari va talabalari ilmiy erkinlik izlab, Bolon universitetini tark etganidan so‘ng tashkil etilgan. Bu yerda dastlab ilohiyot va huquq fanlari o‘rganilgan. XIV asr oxiriga kelib bu o‘rganilayotgan fanlarga tibbiyot, notiqlik san’ati, astronomiya va falsafa qo‘shilgan.

Universitet tibbiyotdagi dastlabki tarixiy kashfiyotlarga guvoh bo‘lgan. Ushbu oliygohda har doim ta’lim berish va ta’lim olishda fikrlash erkinligiga asosiy e’tibor qaratilgan. Maskanda Galileo Galiley 1592 yildan 1610 yilgacha talabalarga dars bergan.

Kembrij universiteti (1209 yilda asos solingan, Angliya)

U dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biri sifatida ayrim kelishmovchiliklar tufayli Oksfordni tark etgan olimlar tomonidan barpo etilgan. 1231 yilda qirol Genrix III universitetga rasmiy maqom hadya etgan.

Bugun Kembrij tasarrufida 31 ta kollej, 6 ta maktab faoliyat yuritadi. Oliygohda 18 000 ga yaqin talaba ta’lim oladi. Dunyoning 120 davlatidan 3500 ga yaqin talaba o‘qiydi. Kembrijda o‘qish narxi qimmat bo‘lishiga qaramasdan, u nufuzi va ta’lim sifatining yuqoriligi bilan ajralib turadi. 

Oksford universiteti (1096 yilda asos solingan, Angliya)

Bu oliygoh ingliz tilli mamlakatlar universitetlari orasida eng qadimiysi sanaladi. Oksford o‘z tarixida bahs-munozaralar markazi vazifasini bajargan. Jumladan, nasroniylarning muqaddas Injil kitobini ingliz tiliga tarjima qilinishida u katta rol o‘ynagan.

Bugun Oksford universiteti yuqori raqobatbardosh va reytingli maktab sifatida dunyoga mashhur. U yerda 22 000 nafar talaba ta’lim olib, ularning chorak qismi xorijlik hisoblanadi. Oksford rasmiy saytining ma’lumotiga ko‘ra, bitiruvchilarining 94 foizi tahsilni yakunlagach, olti oy ichida nufuzli ishlarga qabul qilinadi.

Bolon universiteti (1088 yilda asos solingan, Italiya)

G‘arb dunyosining eng qadimiy universiteti hisoblangan Bolon o‘zining ko‘plab mashhur bitiruvchilari bilan har qancha maqtansa arziydi. Qirol Fridrix I universitetga rasmiy maqomni 1158 yilda hadya etgan.

Bugungi kunda Bolon universiteti 23 oliy maktabdan iborat. Universitetning 100 000 nafar talabasidan 5 000 nafari xorijlik yoshlar. Bundan tashqari, 2 000 talaba oliygohda malaka almashish dasturi asosida tahsil oladi.

Bolon universiteti nisbatan kam mablag‘ evaziga eng yuqori sifatli ta’lim berishni taklif qiladi.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.