Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida “Coca-cola” ishlab chiqariladi

Bu haqda Samarqand viloyatida sanoatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Viloyat hokimligi vakili G‘ayrat Abdurahmonovning ta’kidlashicha, bugungi kunda Samarqandda 8239 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda va ularda 65 ming nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Jumladan, yengil sanoatda 1155 ta, elektrotexnika sanoatida 52 ta, charm-poyabzal sanoatida 126 ta korxona ishlab turibdi.

2021 yilda hududiy dastur va dasturdan tashqari investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 2,3 milliard so‘mlik 427 ta sanoat loyihasi ishga tushirilib, 4632 ta ish o‘rinlari yaratilgan. Yil davomida sanoat korxonalari tomonidan 22 803,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chikarilgan hamda 283,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Joriy yilda esa umumiy qiymati 3,3 milliard so‘mlik 242 ta loyiha ishga tushirilishi va 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, yilning birinchi choragida 18 ta sanoat korxonasi ishga tushirildi.
Viloyatda sanoatni rivojlantirishda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalaridagi korxonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega.

– “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 2017-2021 yillarda umumiy qiymati 302,7 million AQSh dollari miqdoridagi 63 ta loyiha ishga tushirilib, 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direktori o‘rinbosari Abdug‘affor Madarov. – Mazkur korxonalar tomonidan 2022 yilning yanvar-aprel oylarida 1 298,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 29 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksporti amalga oshirildi. Davlat byudjetiga 108,1 milliard so‘m soliq va boshqa to‘lovlar amalga oshirildi. Hozirda umumiy qiymati 318,2 million dollarlik 42 ta loyihada qurilish montaj-ishlari olib borilayotgan bo‘lib, 2022 yil yakuniga qadar qiymati 19 ta loyiha ishga tushiriladi va 1600 kishining bandligi ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 noyabrdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida iqtisodiy zonamizga viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan 559,8 gektar va Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 21 gektar, jami 580,8 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda mazkur hududlarning muhandislik kommunikatsiya tizimlarini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida loyihalar ko‘rib chiqilib, tasdiqlanmoqda. Jumladan, Jomboy tumanidagi filialimizda 78 million dollar xorijiy investitsiya kiritilib, “Coca-cola” ichimligini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Denovda ham hozirda to‘rtta loyiha bo‘yicha, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Umuman, 2023-2026 yillarda yangi hududlarda 1,7 milliard dollarlik 410 ta, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalari pronozi ishlab chiqilgan. Buning natijasida 25 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Matbuot anjumanida bugungi kunda viloyatdagi 111 ta kichik sanoat zonasining 26 tasi to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etildi. 85 ta zonada esa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaratish bo‘yicha loyiha-smeta xujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, yil oxiriga qadar qurilish ishlari boshlanishi kutilmoqda.
– 2017-2022 yillarda viloyatimizdagi kichik sanoat zonalarida 96 ta loyiha ishga tushirilib, 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi, – deydi Samarqand viloyati kichik sanoat zonalari direksiyasi direktori Anvar Yusupov. – Yil yakuniga qadar yana 98 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 2023-2026 yillarda esa loyihalar soni 870 taga, ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 978 milliard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumani ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Mergancha” massividagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.