Urgut tumani prokurori o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Bosh prokuraturaning tegishli tuzilmalari hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining qonunga zid qilmishlari fosh etildi.

Ushbu mansabdor shaxs Past Darg‘om tumani prokuraturasida faoliyat yuritgan davrida xizmat mavqeidan foydalanib, 6,5 ming AQSh dollari va 35 million so‘m pora olgan.

U mahalliy MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi natijasida 2 milliard 887 million so‘m miqdorida davlatga yetkazilgan zararni 805,9 million so‘mga kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali ana shu summani pora sifatida olgan.

Bu bilan cheklanmay prokuratura tomonidan MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150-200 million so‘mgacha kamaytirishni va ularga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengil jazo tayinlanishida yordam berishini aytib, MChJ egasidan 15 ming AQSh dollari talab qilgan.

Prokurorning noqonuniy harakatlari bo‘yicha ashyoviy dalillar protsessual tartibda hujjatlashtirildi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.