Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urushda bedarak yo‘qolgan kattaqo‘rg‘onlik jangchining xoki vataniga keltirildi

1922 yil Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Boborahim Abdullayev 1941 yil Ikkinchi jahon urushiga ketgan edi. Urush tugagach, uning bedarak yo‘qolganligi tasdiqlanadi.

Biroq 2020 yil oktyabr oyida Sankt-Peterburgning “Liniya fronta” qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati, Kirovsk tumani, Molodsovo qishlog‘i yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medaloniga ko‘ra Boborahim Abdullayev ekanligi tasdiqlandi.

Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Ye. Kassyuraning ta’kidlashicha, Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi, shulardan 7 ming nafari o‘zbekistonlik askarlar vafot etgan va ular haqqiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va diplomatik vakolatxona o‘zbek qahramonining xokini keltirish uchun zarur ishlar olib bordi. Ona vataniga keltirilgan o‘zbek o‘g‘lonining xoki Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi boshchiligida va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Enamyaxshi qishlog‘ining xalq qabristoniga musulmonlar udumiga ko‘ra qayta dafn etildi.

Marosimda marhum haqqiga qur’on tilovat qilinib, yaqinlariga hamdardlik bildirildi.

– Endigina esimni taniganimda, otam bilan enam, “ikki bolam urushdan qaytmadi-ya”, deya xo‘rsinib yig‘laganlari hamon yodimda, – deydi Boborahim Abdullayevning singlisi Oysahat Islomova. – Akam endi yo‘qolgan askarlar qatorida emas, balki o‘zining qahramon safdoshlari bilan o‘zbek zaminida abadiy tinchlik topgan askar bo‘ldi. Buning uchun barcha-barchaga o‘z minatdorchiligimni bildiraman.

Marhumning hoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari endilikda, yaqinlarining roziligiga ko‘ra, Toshkent shahrida bunyod etilgan “Shon-sharaf” muzeyida saqlanadigan bo‘ldi.

Otabek Norboyev,

Markaziy harbiy okrugi leytenanti.