Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uxandan O‘zbekistonga olib kelingan 84 kishi karantindan chiqdi. Ularda ham koronavirus alomatlari aniqlanmadi

Xitoydagi vatandoshlarimizni olib kelish uchun 4-6 fevral kunlari tashkil etilgan uchta charter reyslaridan bittasi bevosita koronavirus infeksiyasi o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahridan tashkil etilgan edi.

Uxan shahridan Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan mazkur reysda 84 nafar fuqaro, shu jumladan, 5 nafar Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi kelishdi. Shundan 61 nafari erkak, 20 nafari xotin-qizlar va 3 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Yo‘lovchilar maxsus avtobuslarda koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida Toshkent shahridagi 6-klinik shifoxonasiga olib borib joylashtirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, bugun ushbu davolash muassasasida joylashtirilgan 84 nafar fuqaro karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatildi.

– Ochig‘i, Xitoyning Uxan shahri koronavirus infeksiyasining o‘chog‘i bo‘lgani bois judayam xavotirga tushgan edik. Shunday qaltis vaziyatda davlatimiz tomonidan o‘z fuqarolariga ko‘mak bergani bizni judayam g‘ururlantirdi, – deydi toshkentlik Doniyor Ubaydullayev. – Biz joylashgan shifoxonada tibbiy tekshiruv, yashash va bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan ekan. Ayniqsa, tibbiyot xodimlarining 14 kun davomida fidoyilik bilan, kecha-yu kunduz faoliyat yuritishgani bizni hayratga soldi. Vatanparvarlik va o‘z kasbiga sodiqlik borasida jonkuyar shifokorlar haqiqiy namuna bo‘la olishdi. Beminnat ko‘magi uchun ularga katta rahmat.

Mazkur shifoxonada 110 ta o‘rin tayyorlangan bo‘lib, tibbiy kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta’minlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda Uxandan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat’iy karantin holatida saqlandi. Karantin davrining boshi va oxirida 84 nafar fuqaro ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi.

– Uxanda oilaviy yashardik. Turmush o‘rtog‘im universitetda dars beradi. Koronavirus infeksiyasini eshitganimizda avvaliga shokka tushib qoldik. Ikki nafar farzandlarimiz bilan uydan chiqmaslikka harakat qildik, – deydi farg‘onalik Madina Xudoyqulova. – E’tiborli jihati, elchixona xodimlari bizni yo‘qlab, doimiy ravishda hol-ahvol so‘rab turishdi. Keyin evakuatsiya qilishlarini aytishganda, rosa quvonganmiz. Chunki hamma davlatlar ham Xitoydan o‘z fuqarolarini olib chiqib keta olishmadi. Uxan shahridagi evakuatsiya jarayonida birinchi bo‘lib yurtimiz shifokorlari bizni qarshi olib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgach, ancha xotirjam bo‘ldik. Karantin davrida ham shifokorlarimiz bizga juda yaxshi qarashdi. Endilikda ko‘tarinki kayfiyat bilan ota-onamiz, yaqinlarimiz bag‘riga shoshyapmiz.