Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uyi buzilgan sariosiyolik ayol nega tuman hokimi va sudyalardan norozi? (Video)

Sariosiyo tumani hokimligi 2019 yilning 4 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sharg‘un shahri, Madankon mahallasi, Shaxtiyorlar ko‘chasi 30-uyda yashovchi fuqaro Sitora Xursanova (Erkinova)ning yashash uy-joyi tuman hokimligi tomonidan buzib tashlangani va konpensatsiya to‘lanmayotgani haqidagi xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Sharg‘un shahrida o‘zboshimchalik bilan bunyod etilgan binolar hamda shahar qiyofasiga mos kelmaydigan uylarni shaharning Bosh rejasiga asosan qayta qurish belgilanganligi munosabati bilan, tuman hokimligi tomonidan fuqaro S.Xursanovaning (murojaatda aytilganidek) yashash uy-joyi emas, balki piyodalar yo‘lagida o‘zboshimchalik bilan qurib olgan yordamchi xo‘jaliklari binosini buzish to‘g‘risida FIB Sariosiyo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

2019 yilning 31 mayida da’vo ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurib olgan omborxona va oshxona binolarini o‘z hisobidan buzib olish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, S.Xursanova va uning turmush o‘rtog‘i J.Xursanovning tuman va shahar hokimlaridan o‘z tomorqasining boshqa hududida yangi omborxona va oshxona binosini qurib olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati inobatga olinib, ularga 2 (ikki) tonna siment, 70 (yetmish) dona shifer, 1000 (ming)ta blok g‘isht mahsulotlari yetkazib berildi, uy-joyining ko‘cha tomoni devori shaharsozlik normalari asosida qurib berildi.

Viloyat hokimining 2019 yil 1 avgust kuni tumanda o‘tkazilgan sayyor qabulida ham S.Xursanovaning bu to‘g‘rida qilgan murojaati inobatga olinib, shu kunning o‘zida uning xonadoniga yana 8 (sakkiz) ming dona g‘isht olib berildi.

Sariosiyo tumani hokimligi fuqaro S.Xursanovaga tegishli bo‘lgan uy-joyni emas, balki piyodalar yo‘lagida o‘zboshimchalik bilan qurib olgan yordamchi xo‘jaliklari binosini sud qarori asosida qonuniy tartibda buzdirilganligini, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan bino-inshootlarga esa kompensatsiya to‘lanmasligini, ammo ushbu xonadon egalarining murojaati inobatga olingan holda yangi yordamchi xo‘jaliklar binolarini qurib olish uchun yetarli miqdorda qurilish mollari (xabar tarqalmasdan avval) yetkazib berilganligini, bir necha oy oldin Sharg‘un shahrida yangi barpo etilgan ko‘p qavatli zamonaviy arzon uy-joylardan kvartira ham ajratilganligini ma’lum qiladi.