Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vadim Abramov: “Asosiy vazifam – “Dinamo”ni hozirgi turnir jadvalidagi jarlikdan olib chiqish”

Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq ustozi Vadim Abramov Samarqand klubida ish boshladi.

Yil boshidan buyon “Dinamo” jamoasi qoniqarsiz natijalar ko‘rsatayotgani sababli uchinchi marta yangi bosh murabbiy tayinlandi. Bugun Superliganing 15 turi doirasida “Dinamo”ning “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yini oldidan klub matbuot xizmati Vadim Abramov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni taqdim qildi.

- “Dinamo” oxirgi turda mag‘lub bo‘lgach, avvalgi murabbiy iste’foga chiqarildi va jamoaga yordam berish uchun meni taklif qilishdi. Keldim, ko‘rishib gaplashdik va taklifni qabul qildim. Asosiy vazifam – jamoani hozirgi turnir jadvalidagi jarlikdan olib chiqish.

Chempionatda 12 ta tur qoldi va endi har bir uchrashuv oltinga teng bo‘ladi. Darhol katta o‘zgarish qilishning imkoni bo‘lmaydi, chunki men kecha keldim va bugun ilk mashg‘ulotni o‘tkazib, “So‘g‘diyona”ga qarshi jamoani boshlab tushaman. Umid qilamanki, yigitlar mas’uliyatni his qilib, maydonga tushishadi.
Jamoa bilan tanishishga ulgurdim. Tarkibdagi aksariyat o‘yinchilarni avvaldan bilardim.

Tarkib borasida hali aniq fikr bildirishim qiyin, hozir bungacha ishlagan yordamchi murabbiylar fikriga tayanaman. Chunki hamma o‘yinchilarni hali uncha yaxshi bilmayman. Nomlar futbol o‘ynamaydi, har bir bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerak.

O‘zbekiston milliy jamoasidan keyin hozircha autsayder bo‘lib turgan jamoaga kelgan bo‘lsamda, futboldagi qarashim o‘zgarmaydi. Qayerda ishlasang ham, qo‘l ostingdagi bor masalliqdan nimadir tayyorlashga intilasan. Men ham qo‘l ostimdagi bor tarkibdagi o‘yinchilarning kuchli jihatlaridan foydalanishimga to‘g‘ri keladi. Futbolda boshqa narsani o‘ylab topish qiyin.

“So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yin qiyin o‘tishini tushunib turibman. Chunki, Samarqand va Jizzax o‘rtasidagi o‘yinlar derbiga mos o‘tishini bilaman. Raqibdan qo‘rqmay maydonga tushib, faqat g‘alaba uchun o‘ynash kerak.

Jamoani olib qolishga ishonchim qay darajada? Oldinda 12ta tur bor. Barcha o‘yinga maydonga tushib, jang qilishga to‘g‘ri keladi. Hech kim ochkoni shunchaki berib qo‘ymaydi. Jamoaning hozirgacha eng kam gol urgani va eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgani men uchun jumboq bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, klubni elitada olib qolish uchun bor tajribamni ishga solaman.

Fikrimcha, bu shahar hozirgidan kuchliroq va jiddiyroq jamoaga munosib. Ammo negadir “Dinamo” har doim ligaga chiqqanida ham, tushib ketmoqda. Aslida esa bu yerdagi futbol atmosferasi, muxlislar ko‘prog‘iga loyiq. Bu stadionda o‘zim ham futbol o‘ynaganman, jamoalarim to‘p surgan, muxlislik qay darajada bo‘lishi haqida yaxshi tasavvurga egaman. “Dinamo” g‘alaba qozonib tursa, Samarqanddagi stadion muxlislar bilan to‘lishiga shubham yo‘q”, - deydi “Dinamo” yangi bosh murabbiyi Vadim Abramov.