Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vanga jumbog‘i: u rostdan ham bashoratchi edimi?

Bolgariyalik bashoratchi Vangeliya Gushterova o‘tgan asrda o‘zining karomatgo‘yligi bilan dong taratdi. U 25 yil avval olamdan o‘tdi. Xo‘sh, Vanga aslida kim edi, favqulodda g‘ayritabiiy qobiliyatga ega insonmidi yo boshqa xislatga ega ayol?

Quyida “AiF” (2021 y., 5-son)da u haqida hikoya qilingan sartlarni o‘qib, o‘zingiz xulosa qilasiz.

Bashoratchilik qobiliyati Vangeliya Gushterovada 12 yoshida – qizaloqni quyun girdobiga olib 100 metrlar chamasi ko‘tarib ketganidan keyin paydo bo‘lgandi. Mo‘’jiza tufayli u omon qoladi. Uni shox-shabbalar ostida ko‘zlari qumga to‘lgan holda topib olishadi. Ko‘rish qobiliyatini tiklab bo‘lmaydi. U bir umrga yorug‘ dunyoni ko‘rishdan mahrum bo‘ladi.

Aslida Vanga kim edi? Bir narsa aniq: u tashrif buyuruvchilarni aldab, shu orqali pul topishga urinmagan. Biroq bolgar davlatining mish-mish tarqatib, odamlarni o‘z izmida saqlash xizmati uni bashoratchi sifatida nomidan keng foydalandi. Targ‘ibot shu darajaga yetdiki, nafaqat Bolgariyada, balki butun dunyoda favqulodda sodir bo‘lgan voqea, hodisalarni odamlar Vanga bashorati bilan bog‘lab tashlashdi. Tarafdorlari “Fukusima” AES falokatini, SSSR tarqab ketishi, Suriyadagi fuqarolar urushi Vanga tomonidan bashorat qilinganligini gapira boshlashdi.

Bolgariya kompartiyasi bosh kotibi Todor Jivkov o‘zining kelajak taqdirini bilish uchun Vanga huzuriga keladi. U oddiy sayyoh qiyofasida tashrif buyuradi. Vanga uning o‘tmishini aniq aytib beradi: “Sening do‘stlaringni o‘ldirishgan, sen yerto‘lada yashirinib jon saqlab qolgansan”.

Jivkov hayratda dong qotib qoladi. Aslida bu sensatsiyani bolgar K25 – davlat xavfsizlik xizmati oldindan Vanganing yordamchisi orqali bashoratchi qulog‘iga shipshitib qo‘ygandi. Keyinchalik 1967 yilda kampirni 200 lev maosh bilan davlat xizmatchisi sifatida rasmiylashtirib qo‘yishadi. Bolgariya uchun kampir huzuriga kirish 10 lev, xorijliklar uchun 50 AQSh dollari qilib belgilab qo‘yiladi. Vanga huzuriga butun dunyodan taqdirlarini bilish uchun mijozlar, sayyohlar suvday oqib kela boshlaydi.

Vangadan uning qarindosh-urug‘lari, atrofdagilar har qancha minnatdor bo‘lishsa arziydi. Haddan tashqari ko‘p tashrif buyurayotgan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish orqali ular pul ishlab olishardi. Bashoratchining ikki qavatli qarorgohiga kirish narxi hozir ham 1 yevro, eshik oldi tashrif buyuruvchilar bilan tirband. So‘qir buvi bugun brend: futbolkalar, taqvimlar, boshqa buyumlarda surati turibdi.

“Vanga bizning neftimiz”, deb hazillashadi Petrich qishlog‘i aholisi.

Hayotligida Vanga daromadi bilan qiziqmagan. Ammo tevarak-atrofda yashovchilar uning nomidan ustalik bilan foydalanishgan, mamlakat va chet eldan Vangani so‘roqlab kelayotganlar shunchalik  ko‘p ediki, mehmonxonalar, restoranlar, atrofidagi uylar ijarachilar bilan to‘lib ketar, ular haftalab, oylab kampir qabuliga navbat kutishardi. Hatto, ayrim mehmonxona xodimlari, ijarachi uy egalari tashrif buyuruvchilarni gapga solib, ularning nimaga kelgani, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni bilib olishar va xizmat haqi evaziga Vanganing xizmatkorlariga buni shipshitib qo‘yishardi.

Vanganing huzuriga kirgan tashrif buyuruvchi o‘zi haqida so‘qir kampir hamma narsani aniq aytib berganini ko‘rib hayratda qotib qolganini tasavvur qilavering: “Buyuk bashoratchi, vali ayol ekan!”.

“Vanga shubhasiz ko‘p narsani oldindan his etish qobiliyatiga ega edi, - deydi uni hayotligida yaxshi bilganlar, – va u huzuriga kelganlarga tusmollarni qo‘shmay-chatmay, ochiq ko‘ngillik bilan aytar, aytganlari ko‘pincha taqdirlarda haqiqat bo‘lib chiqardi”.

Vanga bilan uzoq yillar birga ishlagan sobiq yordamchisi Yelena Milcheva ham buni tasdiqlaydi: “Ammo bashoratchi haqidagi 99 foiz ma’lumot uydirma, u Stalinni vafot etish kunini aytgan emas, SSSRni tarqab ketishi haqida ham gapirmagan. Suriyadagi urush, “Fukusima” atom elektr stansiyasidagi falokat haqida ham hech narsa demagan. Bularni Vanganing nomini ilohiylashtirish orqali mo‘may pul ishlab olganlar o‘ylab topishgan. Bu hozir ham davom etyapti”.

Rupite qishlog‘ida Vangaga qarorgoh bo‘lib xizmat qilgan joy ziyoratgohga aylangan, sayyohlar bilan to‘lib toshgan. Uning o‘nlab bashoratlari ro‘yobga chiqmadi, ammo odamlar bu haqda o‘ylashmaydi. Hammaga uydirma va mish-mishlar juda yoqadi.

T.Shomurodov tayyorladi.