Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda bir nechta giyohvandlik vositalari savdosining oldi olindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Samarqand va Navoiy viloyatlarini bog‘lovchi “Samarqand” YPX maskanida Ishtixon tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Mashinaning salon qismida 2 kilogramm 27 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddalarni qonunbuzar sotish maqsadida Xorazm viloyatiga olib ketayotgan bo‘lgan.

Boshqa bir holatda esa ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazilib, dastlab “Cho‘pon ota” YPX maskanida to‘xtatilgan avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Bekobod shahrida yashovchi 2 nafar fuqaroning yonida 984 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

So‘ngra Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX maskanida ularning sherigi, Bekobod shahrida yashovchi, muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs o‘zining “Neksiya” rusumli avtomashinasida 989 gramm “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, ushbu giyohvandlik vositalarini Tojikiston Respublikasidan olib kelib, sotilishini yo‘lga qo‘ygan Bekobod shahrida yashovchi, guruh tashkilotchisi ham Samarqand viloyatida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.