Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat Kengashi deputatlari akademiyada o‘qiyapti

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan maxsus o‘quv-seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarda xalq deputatlari Samarqand shu bilan birga, Buxoro, Navoiy hamda Jizzax viloyati Kengashlari deputatlari ishtirok etmoqda.

Mahalliy Kengashlar deputatlarining huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimlarini yanada mustahkamlash, ularning o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri tashkil etish, aholi bilan samarali muloqot olib borish borasidagi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan seminar uch kun davom etadi.

Mazkur davr mobaynida joylardagi mahalliy vakillik organlari, ularning doimiy komissiyalari va deputatlari faoliyatini samarali tashkil etish, saylovchilar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, qonunlar ijrosini ta’minlash va ularni targ‘ib qilish kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, bugun bo‘lib o‘tgan seminar Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ularni amalga oshirishda vakillik organlarining o‘rniga bag‘ishlandi.

Ta’kidlanganidek, joylardagi vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi instituti va boshqa yangi mexanizmlarning joriy etilishi avvalo, mahalliy Kengash ijro hokimiyatidan mustaqil ishlashiga zamin yaratadi. Mahalliy Kengash ijro hokimiyatidan xoli ishlaganda har bir deputatdan mavqei, vazifalari, mas’uliyati nimadan iborat ekanligi bo‘yicha qo‘shimcha bilim va tajriba talab etiladi. Bugungi o‘quv-seminari ham deputatlarga bu borada tayanch vazifasini o‘taydi.

O‘quv-seminarlar doirasida Oliy Majlis Senati rahbariyati, qo‘mitalar raislari va o‘rinbosarlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ishtirokchilar uchun “Taym menejment: vaqtdan unumli foydalanish”, “Muloqot samaradorligi”, “Qarorlar qabul qilish” mavzularida maxsus treninglar ham o‘tkazish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Akademiyaning Samarqand filialida 13-25 aprel kunlari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari uchun ana shunday o‘quvlar o‘tkaziladi.