Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Qo‘shrabot XTBda birovning nomiga ish haqi yozilmagani, muammo hujjatlardagi chalkashlik tufayli yuzaga kelganini bildirmoqda

Oldinroq “Qo‘shrabot tuman XTBda birovning nomiga ish haqi yozib kelingan, buning ortidan fuqaro “daromadi borligi uchun” yarim yildan beri bola nafaqasi ololmayapti” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Maqolada ta’kidlanganidek, Qo‘shrabot tumanidagi yashovchi fuqaro R.Qobilova Adliya boshqarmasiga murojaat qilib, 4 nafar farzandi borligi va uning turmush o‘rtog‘i Z.Xolboyev hech qayerda ishlamasa-da, elektron tizimda unga tuman XTB tomonidan ish haqi hisoblanayotganligi, shu sababli 6 oydan buyon bolalar nafaqasi uchun topshirayotgan arizalariga rad javobi olayotganini bildirgan.

Viloyat adliya boshqarmasi aralashuvidan so‘ng masala hal etilib, soliq hisobotlari bilan bog‘liq tushunmovchilik bartaraf etilgani bayon etilgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ham holat yuzasidan munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, murojaat etgan fuqarolarning tug‘ilgan yil, sanasi va "INPS" raqamlaridagi o‘xshashliklar tufayli bir fuqaro daromadi boshqa shaxsning soliq hisobotlarida ko‘rinib qolgan.

“...Ushbu holat tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganildi. Natijada Qo‘shrabot tumani “Boyto‘p” mahallasida yashovchi Z.Xolboyevga tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan hech qanday ish haqi yozilmagan, balki 26-maktab o‘qituvchisi F.Qarshiyev va fuqaro Z.Xolboyevlarning tug‘ilgan yil, sanasi va "INPS" raqamlaridagi o‘xshashliklar tufayli, F.Qarshiyevning daromadi Z.Xolboyevning soliq hisobotlarida ko‘rinib qolganligi aniqlangan.

Shu sababli daromad hisoblanmasa-da, elektron tizim bo‘yicha soliq hisobotlarida uning daromadi mavjud bo‘lib ko‘ringan.

Bugungi kunda ushbu muammo to‘liq bartaraf etildi. Murojaatchining tuman XTBdan daromadi mavjud emasligiga aniqlik kiritildi”, deyiladi XTB izohida.

Munosabatda chalkashlik qaysi tashkilot tomonidan sodir etilganiga aniqlik kiritilmagan.