Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kichik sanoat zonasida sharoit yo‘q. Tadbirkordan mahsulot talab qilish o‘rinlimi?

Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyundagi qarori bilan viloyatimizda 17 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan edi.

Ushbu qarorga ko‘ra, viloyatdagi kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash ishlarini bajarishga davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘lar hisobidan ishlab chiqarish maydonini uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘llar qurish ishlari bajarilishi mo‘ljallangan. Buning uchun byudjet mablag‘lari bilan bir qatorda tegishli mas’ul tashkilotlarning mablag‘lari ham jalb etilishi ko‘zda tutilgandi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida viloyatimizdagi kichik sanoat zonalarida qanday loyihalar joylashtirildi, tadbirkorlar kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlandimi? 

- Hozir viloyatimizda 17 ta kichik sanoat zonasi bor va ular bosh reja asosida faoliyat yuritmoqda, - deydi viloyat iqtisodiyot va sanoat boshqarmasi mutaxassisi Ramziddin Fayziyev. – Kichik sanoat zonalari uchun jami 80 gektar yer maydoni ajratilgan va uning 42,7 gektari foydali maydon hisoblanadi. Shu kungacha kichik sanoat zonalari bo‘yicha 671 milliard 896,4 million so‘mlik 104 ta loyiha tasdiqlangan bo‘lsa, shundan 2019 yilda 196 milliard so‘mlik 54 ta loyiha ishga tushirilib, 42,5 milliard so‘m, 2020 yil yanvar oyida 9,5 milliard so‘mlik 71 turdagi mahsulot tayyorlandi. Ishlab chiqarish maydonlarining barchasi yo‘l va ichimlik suv tarmog‘i bilan ta’minlangan, 15 tasi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, uchtasida kanalizatsiya mavjud, ikkita zonada transformator ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Hozirda esa sanoat zonalarining 23,7 gektariga mos takliflar o‘rganilmoqda.

Misol uchun, Bulung‘ur tumanida sobiq “Kildon” aksiyadorlik jamiyatining bo‘sh turgan bino-inshootlari va foydalanilmayotgan 7,5 gektar yer maydoni 1106 kvadrat metr bino-inshootlar negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Tuman hokimining qarori asosida hududga 1 ta 250 kVtli transformator punkti qurish va 10 kV kuchlanishli 1 kilometr elektr tarmog‘i tortish, ichimlik suvi, avtomobil yo‘llari qurish rejalashtirilgan. Lekin loyihada 250 kVtli transformator o‘rnatilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu yerga 160 kVt transformator, 7 ta tayanch ustunlari o‘rnatilgan va sanoat zonasiga kirish qismidagi 16 metr kirish yo‘li ta’mirlangan.

- Kichik sanoat zonasida qiymati 4 million 570 ming dollar bo‘lgan 8 ta loyiha joylashtirildi, - deydi tuman iqtisodiyot va sanoat bo‘limi boshlig‘i Asliddin Po‘latov. – Hozirgacha 2 ta loyihaga 123 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Ammo kichik sanoat zonasida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish loyihalarining yo‘qligi bois zona hududidagi 4,1 gektar yer maydoni bo‘sh qolmoqda.

Bu rasmiylarning ma’lumotlari edi. Xo‘sh, aslida kichik sanoat zonasidagi holat qanday?

- Faqat loyiha hujjatlarini tayyorlash uchun 20 million so‘m mablag‘ sarfladik, - deydi “Shohjahon JSD” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Dilbar Jalilova. – Bizga shu hududdan 0,50 gektar yer ajratilgan va bu yerda 300 tonnalik muzlatkichli omborxona qurish uchun xorijiy kredit liniyasi orqali 83,5 ming dollar kredit oldik va Xitoydan shu mablag‘ evaziga uskuna olib keldik. Bojxonada esa uskunalarning saqlangan kuni uchun 1 kilogramiga kuniga 7 ming so‘mdan mablag‘ sarfladik. 200 million so‘m o‘z mablag‘imiz hisobidan bino qurdik. Omborxonamiz o‘tgan yili dekabr oyida tayyor bo‘lgani uchun hali mahsulot saqlashni boshlamadik. 2020 yilda esa uzum quritish liniyasini qurmoqchimiz. Aksariyat loyihalar tabiiy gaz bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bu yerda gaz yo‘q, suv masalasi ham ancha qiyin, elektrda ham tez-tez uzilish kuzatiladi. Shunday bo‘lgach, qaysi tadbirkor tavakkal qila oladi.

“Davron-1” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham istiqbolni ko‘zlab sanoat zonasi hududidan 60 sotix maydonda yog‘ochni qayta ishlash sexi va 260 tonnalik muzlatkichli omborxona qurish ishlarini olib borgan. Bino qurilishi uchun 400 million so‘m o‘z mablag‘i va “Turonbank” viloyat filialining 50 ming dollarlik sarmoyasi hisobidan 2019 yil oktyabrda omborxona ishga tushirilgan.

- Omborxonani ishga tushirgach, shartnoma asosida 40 tonna olmani qabul qildik, ammo endi pushaymon bo‘lyapmiz, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Davron Pirmanov. – Chunki bu yerda suv qiyin, aholi tarmog‘iga ulangan elektr liniyasida gohida 2-3 soatlab uzilish bo‘ladi. Hozirgacha saqlash uchun qabul qilgan mahsulotimizning 3-4 tonnasi chirib qoldi. Endi mijozlarga kamomadni to‘lab berishimiz kerak...

Tumandagi kichik sanoat zonasida eng yaxshi loyihalardan biri “Kolibri” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 gektar maydonda amalga oshirilayotgan rezina shinalarni qayta ishlash va kauchuk rezina plitkalar ishlab chiqarish loyihasi hisoblanadi.

- Bu loyihani rossiyalik hamkorlarning 280 ming dollarlik sarmoyasi va o‘z mablag‘imiz hisobidan amalga oshiryapmiz, - deydi jamiyat rahbari Rasul Esanboyev. – Ishlab chiqaradigan mahsulotimiz stadionlar, bolalar maydonchasi, yugurish yo‘laklari, uylarning tom qismini yopish, yo‘laklarga to‘shama sifatida ichki bozorga va eksportga mo‘ljallangan. Rejaga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirish belgilangan korxonaning poydevorini quryapmiz va buning uchun qariyb 400 million so‘m sarfladik. Kommunikatsiya tarmoqlari yo‘q, aholining liniyasiga ulangan transformatordan o‘z mablag‘imiz bilan 15 million so‘m sarflab, 5 ta tayanch ustun o‘rnatdik va elektr tarmoq tortib keldik. Ishlab chiqarish uchun yetarli sharoit yo‘q joyga mablag‘ sarflayverish har qanday tavakkalchi tadbirkorni ham fikridan qaytarishi turgan gap. Rejaga ko‘ra, 2023 yilgacha shu yerda chiqindini qayta ishlash loyihasini ishga tushirib, jami 40 ta ish o‘rni yaratmoqchi edik. Ammo gaz, elektr va boshqa tarmoqlarsiz buni qanday amalga oshirish mumkin?

Mana sizga Bulung‘ur tumanidagi kichik sanoat zonasining haqiqiy holati. Aslida faqat Bulung‘urda emas, viloyatimizning aksariyat tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida ham kommunikatsiya bilan bog‘liq kamchiliklar bor va bu tadbirkorlarning ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishiga to‘siq bo‘lmoqda. Biz tumanda bo‘lganimizda viloyat kichik sanoat zonalari direksiyasi mas’ullari ham shu yerda bo‘lib, kamchiliklarni o‘rganayotgan ekan. O‘ylaymizki, mas’ullarning sa’y-harakati bilan ishlab chiqarish maydonlaridagi tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar o‘z yechimini topadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 

“Zarafshon” muxbiri.