Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalq qabulxonasi: “Kuz-qish mavsumiga tayyormiz deb aytolmaymiz”

Xalq deputatlari viloyat Kengashi navbatdagi sessiyasida viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyev aholi murojaatlari bo‘yicha axborot berarkan mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha murojaatlar ko‘payganini qayd etdi.

- Oldimizda qish, havo sovuq bo‘ladi, lekin kuz-qishga tayyormiz deb aytolmaymiz, - dedi M.Turdiyev. - Bir-ikki kunlik havo haroratini pasayishi hamma narsani ko‘rsatdi. Viloyatning yarmidan ko‘p hududlarida elektr energiyasi uzilishlari, gaz, ko‘mir masalasida ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan ko‘mir masalasini alohida nazoratga olishlarini so‘raymiz. Chunki joylarda aholi bilan olib borilgan uchrashuvlarda ular ko‘mirning kilosi 303 so‘m etib belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, 600-700 so‘mgacha, kukunini 400-450 so‘mdan sotilayotganini aytmoqda.

Shundan kelib chiqib navbatdagi sessiyada Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi va boshqa mas’ul idora rahbarlarining hisobotlarini eshitib, aholi muammolari va murojaatlar bilan ishlash faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf qilish hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish lozim.

Turdiyevning ma’lum qilishicha, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari va Samarqand shahridan suv, elektr energiyasi va yo‘l masalasida ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Bular asosan boshlagan ishni oxiriga yetkazmaganligidan kelib chiqmoqda.