Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xarid cheki bermaganligi bois 34 nafar huquqbuzar jarimaga tortildi

Baxtiyor aka biroz shamollab qolgan nevarasi uchun dorixonadan zarur dorilarni xarid qildi. Dorilardan birini qabul qilishga shifokor ruxsat bermadi. Nima qilish kerak? Dorini dorixonaga qaytib topshirish kerak. Ammo dorixona sotuvchisi esa dorini qaytarib olmadi.

Baxtiyor aka dorilarni sotib olayotganida xarid chekini olganida, bu ahvolga tushmagan, iste’molchilik huquqi poymol bo‘lmas edi.

Darhaqiqat, turmushimizda bu kabi holatlar ro‘y berib turadi. Lekin har bir xaridor sotib olinadigan mahsulot, buyum yoxud ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun xarid chekini talab qilib olishi zarur. Negaki, xarid cheki iste’molchilik huquqini himoya qilishi barobarida savdo tartib-qoidalariga rioya etilishiga, mablag‘larning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldini olishga zamin yaratadi.

–  Viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishi, xaridorlarga xarid chekini berishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Musurmon Mamadiyorov. – Lekin olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlariga qaramasdan onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmaslik yoki xarid chekini bermaslik holatlari uchrab turibdi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda onlayn NKMdan foydalanmaslik bo‘yicha 331 holat aniqlandi. Bundan tashqari, xarid cheki bermaslik yuzasidan 34 ta ariza kelib tushdi. Huquqbuzarlar soliq qonunchiligida belgilangan tartibda jarimaga tortilganini ta’kidlash joiz.

Umid Alimov,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.