Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xitoy va Hindiston Ukraina inqirozida Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydigan ko‘rinadi: Buning evaziga ular nima olishmoqchi?

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi G‘arb tomonidan kutilgan keskin munosabatga sabab bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Buyuk Britaniya bir vaqtning o‘zida bir nechta sanksiyalar paketi, jumladan, Rossiya iqtisodiyotining moliyaviy, energetika, transport va texnologiya sohalariga qarshi sanksiyalarni qabul qildi.

Visa va MasterCard to‘lov tizimlarining ishiga cheklovlar kiritilgandan so‘ng, ko‘plab xorijiy kompaniyalar Rossiyada o‘z faoliyatini qisman yoki to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi. Biroq, Xitoy va Hindiston Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtira boshladi. “Osiyo gigantlari” nima uchun shimoliy qo‘shnisini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi va buning evaziga nimaga umid qilmoqda?

Putin 24 fevral kuni Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganini e’lon qilganidan keyin Xitoy rasmiylari Kreml harakatlarini qoralamadi va operatsiyani "bosqin" deb atamadi. Biroq Si Szinpin Rossiya-Ukraina vaziyatini yumshatish uchun muzokara stoliga o‘tirishga chaqirdi va Xitoy barcha davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini aytdi.

G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Chjao Litszyan inqirozni hal qilishda iqtisodiy cheklovlar xavfi, joriy qilingan sanksiyalar o‘zaro va ko‘plab iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladigan global muammolarni keltirib chiqarishi haqida gapirdi.

Hindiston ham BMT Xavfsizlik Kengashidagi ovoz berish chog‘ida Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasini qoralashdan tiyildi. Davlat hukumati hanuz betaraf – Xitoyning siyosiy rahbariyati singari u ham Rossiya harakatlarini tanqid qilishdan qochib, harbiy harakatlarni to‘xtatish va diplomatik muloqotga qaytishga chaqirmoqda.

Xarkovda 22 yoshli hindistonlik talabaning o‘limi Ukrainadagi inqirozga alohida e’tibor qaratdi. Hodisa Hindiston jamiyatida norozilik uyg‘otdi va bu Ukrainadagi 20 mingdan ortiq hindistonliklarni evakuatsiya qilishni tashkil etish uchun zudlik bilan choralar ko‘rish talabiga aylandi.

Rossiya rasmiylarining tezkor munosabati va talabaning o‘limini tergov qilish va’dasi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni yumshatish va Hindiston bilan munosabatlarni saqlab qolish imkonini berdi. To‘g‘ri, bunda rasmiy Dehlining pragmatik munosabati ham muhim rol o‘ynadi: G‘arb davlatlarining sanksiyalari va ularning Rossiyani iqtisodiy jihatdan yakkalab qo‘yishga urinishlari nafaqat Xitoy, balki Hindiston uchun ham yangi vasvasaga soladigan qisqa va uzoq muddatli istiqbollarni ochdi.

Osiyo gigantlari

Bugungi kunda Xitoy Rossiyaning asosiy iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Shunga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda sezilarli nomutanosiblik mavjud. Xitoy Rossiya bilan umumiy savdoning qariyb 18 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, Rossiyaning Xitoy savdosidagi ulushi ikki foizdan sal ko‘proqni tashkil etdi.

Sanksiyalar va G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga bir qator yuqori texnologiyali tovarlar (mikroelektronika, dengiz va navigatsiya uskunalari), harbiy va ikki tomonlama maqsadli mahsulotlar, samolyot va ehtiyot qismlar, aviatsiya va kosmik sanoati mahsuloti, neftni qayta ishlash uskunalari yetkazib berish taqiqi va Rossiya energiyasiga bo‘lgan talabning pasayishi bu nomutanosiblikni yanada kuchaytirdi.

Rossiyalik tadqiqotchi Vasiliy Kashinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlar Xitoyni kelgusi o‘n yillarga mamlakatning asosiy savdo hamkoriga aylantiradi, bu esa muqarrar ravishda harbiy va siyosiy sohalar muvofiqligiga ta’sir qiladi. "Bunda barchasi aniq bo‘ladi. Birgina Xitoyga bog‘liq vaziyat ba’zi siyosiy tuzatishlarni talab qiladi", deb hisoblaydi ekspert.

Bunday sharoitda Hindiston bilan ham ko‘pincha o‘z intilishlaridan kelib chiqqan hamkorlik Rossiya manfaatlariga zid kelmaydigan global va mintaqaviy miqyosda ayniqsa ahamiyatli bo‘ladi.  

Bugungi kunda Hindiston o‘g‘it, yog‘ va o‘simlik moyi importi bo‘yicha yetakchi, Rossiya tomoni esa ushbu tovarlarning asosiy yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Hindiston tomoni uglevodorod va o‘g‘itlardan tashqari Rossiyadan harbiy-sanoat kompleksi mahsulotlari va atom energetikasini sotib oladi. O‘z navbatida Hindiston Rossiyaga farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar eksport qiladi.

Biroq, davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi Rossiya-Xitoy hamkorligidan sezilarli darajada past. O‘tgan yili u Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo aloqalari tarixidagi rekord ko‘rsatkich – qariyb 12 milliard dollarni tashkil etgan.  Hozirda tomonlar tovar aylanmasini keskin oshirishga bel bog‘lagan. Ammo bu istakka Rossiyaning SWIFT tizimidan uzilishi mamlakatga yuborilgan 500 million dollarlik tovarni falaj qildi.

The Hindu gazetasining yozishicha, Hindiston hukumati Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalarining Hindiston iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha guruh tuzishni buyurgan. Uning tarkibiga oziq-ovqat va iste’mol, o‘g‘it, savdo, tashqi ishlar, neft va tabiiy gaz vazirliklari vakillari kirdi.

Aleksey Kupriyanov, IMEMO RAS katta ilmiy xodimi:

- Hindistonliklar G‘arb sanksiyalari natijasida Rossiya Xitoy bilan yanada yaqinlashishi mumkinligidan nihoyatda xavotirda va buning oldini olishga harakat qilmoqda. Shuning uchun ular Rossiya bilan keyingi hamkorlikni qisqartirishga shoshilmayapti - chunki bu Rossiyani Xitoyning "qo‘yniga solib qo‘yadi".

Rossiya iqtisodiy makonida paydo bo‘lgan bo‘shliqlarga qaramay, Pekin ham, Nyu-Dehli ham Vashington bilan yaqin savdo aloqalariga ega. Shunday qilib, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning ASEAN va YeSdan keyin uchinchi yirik savdo sherigi hisoblanadi. 2021 yilda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi tovar aylanmasi 755,6 milliard dollarni tashkil etgan.

AQShga Hindiston va Xitoydan Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimiga rioya qilishni talab qilishga keng iqtisodiy aloqalar imkon beradi. Chunki ikkala davlatda ham xorijiy texnologiyalar, G‘arb intellektual mulki, Yevropa va Amerika kompaniyalarining tarkibiy qism va ishlanmalarini yetkazib berishga ehtiyoj mavjud. Oq uy esa allaqachon Rossiya quroli importi va Ukrainadagi maxsus operatsiya bo‘yicha pozitsiyasi tufayli Hindistonga qarshi sanksiyalar qo‘llashga tayyor.

"Hindiston hozirda AQShning xavfsizlik bo‘yicha haqiqatan ham muhim hamkori va biz buni qadrlaymiz. Umid qilamanki, Hindiston rahbariyati Rossiyadan uzoqlashish vaqti keldi degan qarorga keladi", deydi AQSh davlat kotibi yordamchisi Donald Lu.

Xuddi shunday qarshiliklar Xitoyga ham qaratilgan. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Xitoyga Rossiya sanksiyalarini buzgani uchun Qo‘shma Shtatlar tomonidan "yomon oqibatlarga olib kelishini" va’da qildi.  

Rossiya eksperti Kashinning qayd etishicha, Xitoyga qarshi sanksiyalar qo‘llash Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashdan ko‘ra xavfliroqdir. Uning ta’kidlashicha, Xitoy iqtisodiyoti ko‘plab asosiy ishlab chiqarish zanjirlarini nazorat qiladi va ko‘plab Amerika korxonalari uchun asosiy bozor hisoblanadi. Bu esa Xitoyga nisbatan ancha ehtiyotkor sanksiyalar bosimini talab qiladi.

Xitoy rasmiylari Ukrainadagi maxsus operatsiya fonida Rossiyaga iqtisodiy yordam yuborishga qaror qilgani haqida Britaniyaning The Guardian gazetasi xabar berdi. Manbaning ta’kidlashicha, Pekin Moskva bilan hamkorlikka jiddiy yondashadi, chunki go‘yoki bunday tashabbus Putin bilan «AQShga mustabid sifatidagi qarash»da hamfikr Si Szinpindan chiqqan.

Hindiston ham Rossiya bilan hamkorlikdan bosh tortmoqchi emas. Mamlakatlar hatto rubl va rupiydagi savdo hisob-kitoblariga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yangi mexanizm Hindiston eksportchilariga o‘z tovarlari uchun to‘lovni dollar va yevroda emas, balki mahalliy valyutada to‘lash imkonini beradi. Buning uchun Rossiya banki Hindistonda va hind hisobini Rossiyada ochish ko‘zda tutilmoqda.

Aftidan, Rossiya Xitoy va Hindiston uchun strategik sherik bo‘lib qoladi. Biroq, Rossiya boshqa alternativalarini yo‘qotishi sharoitida hamkorlik nomutanosib bo‘ladi. Katta ehtimol bilan Rossiya tomoni Hindiston-Xitoy munosabatlarida vositachi rolini saqlab qoladi. Hindiston harbiy-sanoat kompleksi tovarlari yetkazib beruvchisini yo‘qotishdan hamda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi jadal yaqinlashishdan hayiqsa, Xitoy, o‘z navbatida, Hindistonning AQSh bilan yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiya-Hindiston hamkorligini buzishdan manfaatdor emas.

G.Xoldorova tayyorladi.