Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xitoy yirik hamkorlarimizdan biri: Samarqandda Xitoy kompaniyalari kapitali ishtirokida 71 ta qo‘shma hamda 28 ta xorijiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda

O‘zbekistonning davlat mustaqilligini Xitoy Xalq Respublikasi birinchilardan bo‘lib e’tirof etib, diplomatik munosabatlar o‘rnatgan mamlakat hisoblanadi. Qolaversa, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Jumladan, qadimgi “Buyuk ipak yo‘li” asrlar davomida mintaqa xalqlarining o‘zaro savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarida muhim rol o‘ynagani barchamizga ma’lum.

Davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini rivojlantirish doirasida turli sohalarda ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilyapti.

Xususan, Samarqand viloyati va Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar salmog‘i yil sayin ortib bormoqda. Viloyat hokimligidan ma’lum qilishlaricha, bugungi kunda Samarqandda Xitoy kompaniyalari kapitali ishtirokida 71 ta qo‘shma hamda 28 ta xorijiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jumladan, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Xitoy besh barmoq qurilish materiallari” Bulung‘ur tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish, "Sam eco root" qo‘shma korxonasi Past Darg‘om tumanida qizilmiya ekstraktini qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda.

Bundan tashqari, faqat 2021 yilning o‘zida 83 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Xitoydan 69,5 million dollarlik xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Natijada, 7,2 million dollar mablag‘ evaziga Samarqand shahrida "Saxari" MChJ tomonidan maishiy texnika, 15 million dollar investitsiya hisobiga "Aziya Metall Prof" korxonasida temir mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yil davlat investitsiya dasturiga muvofiq viloyatda xitoylik hamkorlar bilan 21 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu borada o‘tgan 8 oy davomida 76,3 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Pirovardida Kattaqo‘rg‘on tumanida “Hengyuan Sement” qo‘shma korxonasi negizida sement, Urgut tumanidagi “Innovation med total” MChJda bolalar tagliklari, tish pastasi va akril yelimlar ishlab chiqarish, Ishtixon tumanida “Samarkand Stone Trade Corparation” qo‘shma korxonasi tomonidan tabiiy tog‘ toshini qayta ishlash tashkil etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimiz hamda Chin o‘lkasi o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi 2021 yilda 285,9 million dollarni tashkil etgan. Bunda 57,4 million dollarlik eksport va 228,5 million dollarlik import amalga oshirilgan. Xitoy Xalq Respublikasiga asosan, ip-kalava, meva-sabzavot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlar eksport qilingan.

Joriy yilning 8 oyida esa 178,6 million dollar import hamda 23,6 million dollar eksport amalga oshirildi. Ahamiyatlisi, joriy yilda 473,6 ming dollarlik farmatsevtika mahsulotlari, 582,6 ming dollarlik jun, mo‘yna, teri va ulardan yasalgan buyumlar sotilgan.

Qayd etish lozim, Samarqand va Sian shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan. Bu borada turizm, ta’lim va madaniyat sohasida o‘zaro hamkorlikka jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida Shanxay hamkorlik tashkiloti, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Bu borada Xitoy raisi Si Szinpinning 14-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishi va tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tishi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.