Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xitoyda 2,3 milliondan ortiq aholi tabiiy ofat hududida qolib ketdi

2,3 milliondan ortiq aholi Xitoyning Xubey provinsiyasida bir necha kundan buyon kuzatilayotgan kuchli yog‘ingarchilik sababli yuzaga kelgan suv toshqinlari yuz berayotgan hududda qolib ketdi. Bu haqda 8 iyul kuni Xubey rasmiylari bayonotida ma’lum qilindi.

Ayni vaqtda 14 ta shahar va 33 ta tumanda favqulodda tezkor choralar ko‘rilib, suv toshqinlari va yer ko‘chishiga qarshi tadbirlar belgilanmoqda.

Provinsiyada to‘rt kundan buyon kuchli yog‘ingarchilik to‘xtamayapti. Shu vaqt mobaynida 2 million 314 ming aholi tabiiy ofat hududida qolib ketdi, ikki kishi halok bo‘ldi, 42,2 ming aholi xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Shu bilan birga, yana 41,7 ming odam favqulodda yordamga muhtoj bo‘lib turibdi.

Tabiiy ofat oqibatida zarar ko‘rgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlari 384 ming gektardan oshgan, 28,3 ming gektar maydondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘liq nobud bo‘lgan. Bundan tashqari, suv toshqinlari oqibatida 420 ta uy va boshqa inshootlar vayron bo‘ldi, 400 ta bino jiddiy zarar ko‘rdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida ko‘rilgan zarar  2,48 milliard yuanga yetgan (354,5 million AQSh dollari).