Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorazmda 22 yoshli qizni sotib yuborishga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatga chek qo‘yildi.

Xususan, Buxoro shahrida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan J.R. va Urganch shahrida istiqomat qiluvchi 1986 yilda tug‘ilgan Q.D. aldov yo‘li bilan 1999 yil Xorazm viloyatida tug‘ilgan S.M.ning ishonchiga kirib, uni fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadida «Toshkent-Sharja», «Sharja-Maskat» yo‘nalishi bo‘yicha Ummon davlatiga olib chiqib ketayotgan vaqtida Toshkent xalqaro aeroportida ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv jarayonlarida aniqlanishicha, J.R. Ummon davlatidan S.M.ga viza rasmiylashtirib, aviachipta xarid qilgan.

Ta’kidlash lozimki, J.R. muqaddam BAA va Ummon Sultonligiga qizlarni fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborganlikda ayblanib, Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan bir necha marotaba sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Hozirda J.R. va Q.D.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.