Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijlik sayyohlarni G‘o‘s qishlog‘iga chorlayotgan kashtado‘z ayol Mavluda Hamdamova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi

Mavluda Hamdamova Urgut tumanidagi eng faol va ibratli hunarmandlardan biri hisoblanadi. 40 yildan buyon kashtachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan bu noyob kasb sohibasi o‘z mehnati ortidan elu yurt o‘rtasida obro‘ qozongan.

U kashtado‘zlikni onasi Narzi Nozimovadan qunt bilan o‘rganib, 1978 yildan boshlab o‘zi mustaqil ravishda turli kashtalar tikishni boshlagan. M.Hamdamova tumanda birinchi bo‘lib kashtachilik sohasini uy yumushi, ayollar ermagidan amaliy san’at va kasb darajasiga olib chiqdi. 2010 yilda Samarqand shahrida kashtachilik buyumlari bilan savdo qiluvchi shoxobcha ochdi. Natijada, 18 nafar ayol doimiy ish va daromad manbai bilan ta’minlandi.

XX asrda kashtalar asosan fabrikada ishlab chiqarilgan matolarda, kimyoviy bo‘yoqlar bilan ranglangan iplar bilan tikilgan. M.Hamdamova Urgutning turli qishloq va mahallalarini kezib, kashtachilikda azaldan ishlatilgan naqsh turlarini chuqur o‘rgandi. Badiiy kashtalarning “bosma”, “yo‘rma” va “chinni  xayol” uslublarini o‘zlashtirib, qo‘lda to‘qilgan bo‘z, adras va shoyi gazlamalarda kashtalar tikilishini yo‘lga qo‘ydi. U iplarni bo‘yashda tabiiy ranglar ishlatilishini tadbiq qildi.

M.Hamdamova an’anaviy uslubda devorga osiladigan yirik bezak buyumlari: so‘zana, palak, gulko‘rpa taxmonga to‘shaladigan pardalar, joypo‘sh, zardevor, tokchapo‘sh, joynamoz, bo‘g‘joma, ro‘yijolar, shuningdek oynaxalta, choyxalta, belbog‘, yostiqcha singari 40 ga yaqin kashtachilik namunalarini to‘qishni yo‘lga qo‘yib, asl san’at shaydolarini mamnun etib kelmoqda. Umuman olganda, uning qo‘lida jilo topgan kashtalarni ko‘rsangiz ranglarning sehrli olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz.

Uyidagi ustaxonasiga o‘zbek xalqi amaliy san’ati shaydolari bo‘lgan chet ellik sayyohlarni chorlab, Fo‘s qishlog‘ini viloyatdagi turizm maskanlaridan biriga aylantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu dargohdan xorijlik sayyohlarning qadami uzilmaydi. Ular esdalik uchun Mavluda opaning kashtachilik namunalaridan o‘zlari bilan olib ketishadi.

Mavluda Hamdamova 2010 yilda o‘z uyida ustoz-shogird kashtachilik maktabini ochgan. Unda 20 dan ortiq yoshlarga so‘zanachilik sirlarini o‘rgatib kelmoqda. 2012 yil Samarqand shahar Toshkent ko‘chasida ochilgan hunarmandlar markazida 10 dan ortiq yoshlarga ustozlik qilmoqda.

Mavluda opa jamoat ishlarida ham faol. Fidoyiligi, jonkuyarligi bilan hamkasblari, viloyat hunarmandlari o‘rtasida hurmat qozongan. U oilada sarishta uy bekasi, to‘rt farzandning mehribon onasi.

Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. Mavluda Hamdamova, milliy kashtachilik yo‘nalishidagi ishlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Nazira HAMIDOVA.