Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xotin-qizlar qo‘mitasi Sankt-Peterburgda ishlayotgan o‘zbekistonlik ayollarning sharoitini o‘rgandi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Sankt-Peterburg shahrida mehnat qilayotgan fuqarolarimizning yashash va ish sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Federatsiyada eng yirik savdo va biznes markazlaridan birining qurilishida ishtirok etayotgan 300 nafar vatandoshimiz bilan samimiy muloqot qildilar.

Ularning kundalik hayotlarida uchrayotgan katta-kichik muammolar o‘rganilib, yechimini kutayotgan masalalarga soha mutaxassislari ishtirokida atroflicha javob qaytarildi. Shuningdek, yig‘ilganlarga bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘lamli o‘zgarishlar, mazkur jarayonda yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ikki yarim ming nafardan ziyod ishchilar mehnat qilayotgan tarmoq tikuvchilik korxonasida bir guruh o‘zbek ayollari bilan uchrashib, dildan suhbatlashdilar.

Uchrashuvda fabrikada yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy himoya, hatto ishchilarning farzandlari tarbiyasi bilan bog‘liq jarayonlar ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘z o‘rnida Sankt-Peterburg administratsiyasining millatlararo munosabatlar hamda migratsiya siyosatini yuritish qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda fuqarolarimizga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlash borasida aniq vazifalar belgilab olindi. Kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan maqsadli rejalarning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.