Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

XTV: O‘qituvchi bo‘lishni istaydigan yoshlar soni ortmoqda

Xalq ta’limi vazirligi yoshlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovnomada 4,5 mingga yaqin respondent ishtirok etgan. Natijaga ko‘ra, 59 % respondent o‘qituvchi kasbini tanlash istagi borligini bildirgan.

Shu bilan birga, ulardan 21 foizi davlat maktablarida, 8 foizi xususiy maktablarda va 7 foizi xususiy o‘quv markazlarida ishlashni xohlashini ma’lum qilgan.

E’tiborli jihati shundaki, respondentlar so‘nggi vaqtlarda jamiyatda o‘qituvchilar mavqeining oshib borayotgani, ko‘pchilik o‘g‘il-qizlar aynan davlat maktablarida ishlash istagida ekanligini bildirgan.

Shu bilan birga, o‘qituvchi kasbini tanlayman, deb javob bergan yoshlarning aksariyati o‘z fikrini o‘qituvchilar mavqeining oshgani bilan izohlagan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, “Oxirgi paytlarda o‘qituvchilar mavqeini mustahkamlash bo‘yicha qator ishlar qilindi. Buni sezdingmizmi?” savoliga 51 foiz respondent “ha” javobini bergan.

“Nima uchun o‘qituvchi kasbini tanlashni xohlar edingiz?” savoliga 10 % respondent oyliklar oshganini sabab qilib ko‘rsatgan bo‘lsa, yana 8 % o‘qituvchilar mavqei oshganini ko‘rsatgan. So‘rovda ishtirok etgan 34 % respondentlar esa bolalar bilan ishlashni yaxshi ko‘rishini aytgan.

O‘qituvchilarning jamiyatdagi o‘rniga baho berar ekan, ishtirokchilarning 10 % a’lo, 28 % yaxshi va 45 % o‘rtacha, deb javob bergan. 11 % respondent o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqei yomon va 5 % juda yomon deb baho bergan.