Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

XTV saylovga qo‘y so‘yish uchun o‘qituvchilar maoshidan ushlab qolish “topshirig‘i”ni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi kamida ikkita maktabda ma’muriyat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazishga stollarni bezatish, gilam solish uchun o‘qituvchilar maoshidan 50 000 so‘mdan olib qolinayotgani aytilgan.

Holat o‘rganilib, Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ushbu fikrlarni rad etgan holda Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi saylov uchastkalari o‘quv jarayoniga xalal bermay tashkil etilayotganligi, xonalar jihozlanishida hech qanday mablag‘ sarflanmaganligi va maktab ma’muriyati tomonidan pul mablag‘i yig‘ilmaganligini ma’lum qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 17-bob 98-, 99-, 100-moddalarida saylov jarayonini moliyalashtirish haqida aniq ma’lumot berilgan. Ya’ni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq harajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Tashkil etilayotgan saylov xonalarining jihozlanishi, kerakli hujjatlar bilan ta’minlanishi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini tashkil etuvchi hamda uni o‘tkazuvchi shahar komissiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Keltirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar o‘z fikrlarini aniq ma’lumotlar asosida izohlamagan. Ayrim blogerlar Yangiyo‘l shahri haqida fikr bildiryaptimi yoki Yangiyo‘l tumani haqidami, aniq bilib bo‘lmaydi. Maqolaning boshida Yangiyo‘l shahri maktablari haqida ma’lumot berib, maqola o‘rtasiga kelganda “tuman hokimligi maktablar direktorlariga noyabr boshida saylov uchun pul o‘tkazib berish to‘g‘risida "og‘zaki topshiriq" bergan”, degan mujmal dalillarni keltirmoqda. Shulardan ko‘rinib turibdiki, ma’lumot noto‘g‘ri.

Saylovga tayyorgarlik jarayoni Markaziy saylov komissiyasi va ularning hududdagi komissiyalari tomonidan tashkil etilmoqda. Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi yuqorida keltirilgan xabarni mutlaq noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi hamda o‘qituvchilardan 50000 so‘mdan mablag‘ yig‘ilgan, degan asossiz xabarni rad etadi.