Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Xush kelibsan, qariligim!” yoxud shanba hangomasi

Bu xitobim yoshim yetib, keksalik gashtini surishga chiqqan vaqtlarimgagina xos emas, ancha ilgari ham xayolimda javlon ura boshlagan.

Qirq yoshdan uch-to‘rt yilga oshgan vaqtlarim, to‘rt-besh yillik tanaffusdan so‘ng tuman gazetasida qaytadan boshlangan qaynoq faoliyatim davrlarida kompyuterni o‘rganishga kirishishim jarayonida o‘shani yaqqol his etgan edim. Bunga bog‘liq esdaliklarim tafsilotlari cho‘zilib ketganligi va hozir ushbu satrlarni qalamga olishdan muddao boshqaligi bois ularni boshqa safarga qoldiramiz.

Suhbatimiz qarilik haqida ekan, shunday xususiyatli kishilarning odaticha, yoshlik xotiralarini qistirib o‘tishga jur’at etaman. Bois esa qarilikdagi muammolardan biri.

Yoshlikdagi harbiy xizmat boshlarida qirq besh soniya davomida karavotda yotgan joydan sakrab turib, formani kiyib ulgurishni mashq qildirishardi. Paytava o‘rab etik kiyish ham shular jumlasidan. Ulgurishimiz komandirni qoniqtirmasa, qaytadan kiyimni yechib, o‘ringa yotishni ham shu qirq besh soniyada bajarish kerak bo‘lardi. Bu tinimsiz takroru takror kiyinib-yechinishlar ba’zan bir necha soat mashq qildirilar edi.

Ertalab turganda yoki ko‘chaga chiqish oldidan kiyinayotib, bir masalada qiyinchilikni yaqqol sezib turaman: ko‘ylak tugmalarini qadash (yoki yechish) bunchalik mashaqqat-a! O‘sha “qirq besh soniya”larni eslab-eslab, bitta tugmani yechish yoki qadash uchun qirq besh emas-u, ammo ba’zan rosa besh-o‘n daqiqa vaqt sarflab urinishga to‘g‘ri kelyapti...

Endigi yoshimga yarashmaydigan qiliq bo‘lsa kerag-u lekin odat bo‘lib qolgan: ko‘p ishlarim kompyuter bilan. Bir yil-bir yarim yilda kompyuterning “sog‘lig‘ini tiklash” choralari ko‘rishga, ya’ni ustasiga eltishga to‘g‘ri kelar ekan. Buni anglab yetganimga esa kompyuterim yoshining “bir hafta”si, ya’ni yetti yilning dastlabki sanalaridayoq ulgurgan edim shekilli, deb o‘ylayman.

O‘tgan yil kuzda tuzukroq qilib tuzatish maqsadida uni sotib olgan joyim, Samarqand shahridagi “Zender” do‘koniga, to‘g‘rirog‘i, uning Gagarin ko‘chasidagi qo‘shimcha binosiga borib, ustaga murojaat qildim. Mahalliy millatga mansub usta yigitchaning mening tojikchamga ruscha javob qilib, keyiniga o‘zbekchamni ham inobatga olmagan bo‘lsa-da, o‘sha kuniyoq ishimni bitkazib berishga rozi bo‘lganidan xursand edim.

Murojaatim tush paytida bo‘lsa, kechqurun soat beshda kelishni aytdi. O‘sha joydan ikki bekat nariroqdagi opamning uyida dam olib, yaqinlarim bilan qizg‘in suhbat qilib, soat to‘rtlarda yana borib oldim. Bir necha soat ichidayoq “ob-havo ancha o‘zgargan ekan”, usta yigitcha tojikchamga tojikcha, o‘zbekchamga o‘zbekcha javoblar bilan iliq muomala qilib, hozircha hali tayyor emasligini, ungacha divanda dam olib turishim mumkinligini aytdi.

Ammo kompyuterim soat beshgacha sozlanmadi, qorong‘igacha qolib ketdim. “Ishimni bitkazib, uyga qaytib ketmoqchiman”, deganimga opamning: “Qachondan beri endi kelding, ketib qolma, shu yerda yotib, mehmon bo‘lib ketasan. Pochchang ham juda zerikkanlar, suhbatingdan xursand bo‘ladi” deganiga farishta omin aytgan ekan shekilli.

...Kompyuterim tuzaldi. Endi, nasib bo‘lsa, birmuncha vaqt bemalolgina ishlatarman” deb yanglishgan ekanman. “Syurpriz”: kompyuterim yangi qiliq chiqardi. Tokka tiqib (batareyasi tugab ketganiga bir necha yil bo‘lgan) tugmachasini bosgandan keyin darrov yonmaydigan bo‘ldi. Ba’zan birdan yonadi, ba’zan esa... Biroz kuttirib, keyin. Besh daqiqalar o‘tib...

Bu “keyin” lar esa cho‘zilib boraverdi, o‘n daqiqa, o‘n besh... undan ko‘proq ham... Ana, xolos! Xullas, kompyuterimni yoqmoqchi bo‘lsam, ba’zan tezgina yonadi, ba’zan rosa kutishim kerak...

Biz qishloqilarga shaharga borish bir bayramday gap! Tez-tez muyassar bo‘lavermaydi. Ustaga yana borish muddaom esa kuz o‘tib, undan keyin qish ham o‘tib, bahordagina amalga oshdi.

Shaharga qatnaydigan taksilar istagan joyingizga eltib qo‘yish sharti bilan mindirishadi. Sira ovora bo‘lmaysiz. Lekin bunaqada tuzukroq tomosha qilolmaysiz-da!

Hozir yo‘lovchi tashish avtobuslari yana ko‘paygan. Bir ko‘ray-chi! Xullas, avtobusda ketishga qaror qildim. Ertalab barvaqt yo‘lga tushdim.

Yoshlikda avtobusma-avtobus qancha-qancha yo‘llar yurganmiz. Ammo u vaqtlar ko‘pincha boshqalarga joy berishimizga to‘g‘ri kelardi. Endi esa men uchun aksi. Keksalik maza ekan: Urgutdan Samarqandning Kaptarxonasigacha avtobusda bemalol o‘tirib bordim!

Tushib, so‘ng old eshikdan boshqa avtobusga chiqdim. Odam ko‘p, tiqilinch. O‘tirgan ayollardan biri meni haydovchi yonidagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tib, o‘tirishimni taklif qildi. Orada temir to‘sinlar bor. Haydovchidan o‘sha yoqqa o‘tishga ruxsat so‘radim. Yosh bola emas, o‘zim nafaqadaligimni inobatga olmasam, uni deyarli o‘z tengdoshim deb taxmin qilgan bo‘lardim, haydovchi esa: “Bu yoqqa o‘tmanglar deb shunday to‘sib qo‘yibmiz, xo‘p, o‘tsangiz o‘ting!” dedi.

...Anvarjon o‘z ish o‘rnida ekan. “Falon vaqt Sizda kompyuterimni tuzattirgan edim. Boshqa qiliq chiqardi. Tugmachasini bossang, darrov yonmaydi. Avval bunaqa bo‘lmasdi”.

“Aka, boshqa ustaga ko‘rsatishingiz kerak...”, dedi.

“Aytdim-ku, avval bunaqa bo‘lmasdi. Sizda tuzattirganimdan keyin... Nega bunday bo‘lyapti?”

“Biz uning ichini ochmaymiz. Faqat programmalar bilan ishlaymiz. Kompyuteringiz eskirgan. Ichini chang bosgan. Boshqa ustaga ko‘rsatishingiz kerak”.

“Xo‘sh, kimga?”

Qog‘ozchaga ism, telefon raqami va joy nomini yozib, qanday topish mumkinligini menga tushuntirdi. Ismida kichraytirish qo‘shimchasi bo‘lgan yoshgina ustani xayolan tasavvur qilib: “Eh yoshlar, endi zamon sizlarniki-da!” degan ichki xitob bilan yo‘lga tushdim.

Ammo Vitalikni izlab topganimdan keyin uning yoshginaligi haqidagi xayoliy tassavurlarim havoga uchib ketdi: u taxminan o‘z tengdoshim edi. Keyingi murojaatimda esa ismidagi kichraytirish qo‘shimchasini qo‘llashdan istihola qildim: “Vitaliy...”

Usta Vitalik kompyuterim ichidagi necha yillik qishloqdagi uy supurishlar asoratlarini ketkazish uchun rosa mehnat qildi. Uyga kelib, kompyuterim endi zo‘r ishlab ketganidan va mo‘ljaldagi ishlarimning shu bugunoq bitganidan juda mamnun edim.

Lekin ancha holdan toyibman. Ish stolimga o‘tirib, qariligim yodimga keldi. So‘ng kompyuterga qarab, hayotimiz ham shu “matoh”ga o‘xsharkan-da, deb qo‘ydim. “Xush kelibsan, qariligim!”. Shunda bir necha yil muqaddam bir hamkorimning aytgan so‘zlari qulog‘imda jaranglaganday bo‘ldi: “Domla, endi sizning ham dam olish vaqtlaringiz yetib kelgan”...

Husniddin Fayyozov,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.