Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yakka tartibdagi tadbirkorlar qancha soliq to‘laydi?

O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalari tasdiqlangan.

Soliq stavkalari Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlari bo‘lgan shaharlar, boshqa shaharlar va boshqa aholi punktlari uchun alohida belgilangan. Masalan, Samarqand shahrida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor bir oyda 600 000 so‘m qat’iy belgilangan daromad solig‘ini to‘laydi. Boshqa shaharlarda 300 000 so‘m va boshqa aholi punktlari uchun 200 000 so‘m etib belgilangan.

Dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qiladigan YaTT Samarqand shahrida 150 000 so‘m, boshqa shaharlarda 100 000 so‘m va boshqa aholi punktlarida 50 000 ming so‘m qat’iy belgilangan daromad solig‘ini to‘laydi.

Gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari savdosi uchun hududga qarab, mos ravishda 150 000 so‘m, 100 000 so‘m va 50 000 so‘m etib belgilangan.

Maishiy xizmatlar ko‘rsatish, qadoqlash uskunalaridan foydalangan holda uy sharoitida milliy shirinliklar, o‘z mahsulotlarini, shuningdek, donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va sotish, bolalar o‘yin avtomatlari va boshqa faoliyat turlari uchun qat’iy belgilangan daromad solig‘ining bir oylik summasi hududga qarab, 150 000 so‘m, 100 000 so‘m va 50 000 so‘mni tashkil etadi.

Avtomobil transportida yuk tashish xizmatlari bo‘yicha ikki toifada stavka mavjud. Xususan, 3 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillari uchun bu mamlakatimizning barcha hududlari uchun bir xil – 150 000 so‘m va 3 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish quvvatiga ega yuk avtomobillariga 225 000 so‘m etib belgilangan.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.