Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yakkabog‘ tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkor ustidan ochiq sud jarayoni boshlandi

Bugun, 17 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida sudlanuvchilar Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan Mansur Tuymayev va tadbirkor Bahriddin Isomovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Bahriddin Isomov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mansur Tuymayev esa Jinoyat kodeksining 192−1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud davomida 15 nafardan ortiq jabrlanuvchi va 60 nafardan ziyod guvoh so‘roq qilinadi. Sud jarayoni davom etmoqda.

Keyingi sud majlisi 25 sentyabr kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni tadbirkor Bahriddin Isomov unga tegishli bo‘lgan ikki qavatli do‘kon va sex binosini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi.