Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yana chiqindi masalasi: Aholini jarima orqali tozalikka o‘rgatib bo‘ladimi?

Yil boshidan chiqindini o‘z vaqtida tashib ketish, uning utilizatsiyasi, umuman, shu sohaga oid yaxshi yangiliklarni eshita boshladik. Shaharda belgilangan joylarda chiqindi qutilari o‘rnatildi, mahallalarga bir oyda bir keladigan chiqindi mashinalari har hafta (ko‘p qavatli uylar yoniga har kuni) kelishi odat tusiga kirdi. Tumanlarda ham bu borada o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Ammo bu ishlar hali yetarli emas.

 Avvalo, chiqindi tashlash bilan bog‘liq madaniyat yetarli shakllanmaganligi mavjud sharoit va amalga oshirilayotgan ishlarni qaysidir ma’noda yo‘qqa chiqardi. Qolaversa, chiqindini to‘plash, saralashda qayta ishlash muammoni hal qilishda muammolar paydo bo‘la boshladi. Bu kabi holatlar tizimda yangi tashabbuslar zarurligini taqozo etdi. Mamlakatimiz rahbarining shu yil yanvar oyidagi «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni shu zarurat o‘laroq yuzaga keldi.

Farmonga ko‘ra, agar maishiy chiqindi bo‘yicha qarzdorlik bo‘lsa, ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlanmaydi. Shu yilning 1 iyundan chiqindi olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklash boshlanadi. Bu kabi yangiliklar saytimizda avval ham berilgan. Gap yana qanday vazifalar amalga oshirilishi kerakligi va aholini qiynaydigan yana qanday muammolar borligida.

Yuzlab ko‘p qavatli uylar qurildi, ammo chiqindi maydonchasi yo‘q

- Bugungi kunda Samarqand shahri va tumanida chiqindini olib ketish bilan «Maroqand obod» tashkiloti shug‘ullansa, sakkiz tumanda «Toza hudud» o‘z faoliyatini ko‘rsatadi, - deydi viloyat ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akmal Qo‘shboyev. – Viloyat bo‘yicha 300 dan ziyod chiqindi tashish texnikasi mavjud bo‘lib, ularning 39 tasi hozirgi kunda nosoz holatda. Belgilanmagan joyga chiqindi tashlash avval ham e’tiborga olinar hamda tegishli me’yoriy hujjatlar asosida ushbu qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganlar jarimaga tortilar edi. Misol uchun, o‘tgan yili 2 mingga yaqin shunday holat aniqlanib, huquqbuzarlar jarimaga tortilgandi. Bu yil esa 19 kun ichida 220 nafar fuqaroning qoidabuzarligi aniqlandi. Belgilanmagan joyga chiqindi tashlash 340 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 123-moddasiga asosan avtotransport vositasidan chiqindi uloqtirish bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, ya’ni 170 ming so‘m jarima undirilishiga sabab bo‘ladi.

Aholini jarima orqali tozalikka o‘rgatish, bu – an’anaviy usul. Ta’siri ham tez seziladi, qolaversa. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Barcha hududlarda chiqindi tashlash uchun sharoit yaratilganmi? Sharoit mavjud bo‘lmagan joyda yashaydigan aholi «belgilanmagan joyga chiqindi tashlashi»da qanchalik mantiq bor?

- Albatta, bu ham bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri, - deya o‘z fikrini davom ettiradi A.Qo‘shboyev. – Har yili shaharda yangi uylar qurilmoqda, xonadonlar soni ortmoqda. Ammo e’tibor bering, necha o‘nlab uylar qurilgani holda chiqindi maydonchalari qurilmay qolib ketmoqda. Misol uchun, keyingi uch yil ichida Samarqand shahrida bor-yo‘g‘i ikkita chiqindi maydonchasi qurilgan. Vaholanki, 150 xonadon uchun bitta shunday maydoncha bo‘lishi kerak. Bu vazifa esa tegishli me’yoriy hujjatlar asosida qurilish tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan. Afsuski, qurilishni qabul qilish komissiyasi a’zolari orasida ekologiya tashkilotlaridan birorta vakilning yo‘qligi masalani chigallashtiradi. Shuning uchun, bu masala hamon ochiq qolmoqda.

Aholining qarzi 7 milliard so‘m

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Samarqand shahri ko‘chalarida turli rangdagi chiqindi qutilari paydo bo‘ldi. Nihoyat chiqindi saralanib, tashlanadi, deb xursand bo‘lgandik. Xo‘p, bunday amaliyot davom etadimi, ko‘lami kengayadimi?

- Bir kunda Samarqand shahrining o‘zidan 500 tonnagacha chiqindi olib ketiladi, - deydi «Maroqand obod» davlat unitar korxonasi ijrochi direktori Otajon Abdinarov. – Mahallalarga borish bo‘yicha aniq grafigimiz bor, ixtiyorimizda 117 ta texnika mavjud. Afsuski, ularning bir nechtasi hozirgi kunda nosoz holatda. Gap shundaki, hozirgi paytga kelib, aholining debitorlik qarzi 7 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu korxonamizning moliyaviy ahvoliga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Chiqindi mashinalarga solib, olib ketilayotganda saralanmaydi. Bugun bu masalada turli holatlar bor. Qayta ishlanadigan ikkilamchi xomashyo aksar holatlarda saralanishdan oldin olib ketib qolinadi. Ularni qabul qiladigan, noqonuniy faoliyat ko‘rsatadigan qabul punktlari hamon ishlab turibdi. Prezident qarorida bu kabi qabul punktlari tashkil etishi uchun tadbirkorlik sub’yektlariga ham ruxsat berilishi belgilandi.

Gap faqat jarimada emas

- Viloyatimizning bir nechta shahar, tumanlarida chiqindi tashlash masalasi bo‘yicha monitoring olib borildi, - deydi «Yuksalish» umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi rahbari Elyor Hamroyev. - Qonunchilikka ko‘ra, chiqindilarni saqlash sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Sanoat va maishiy chiqindilarni maxsus texnik moslamalarsiz zararsizlantirish taqiqlangan bo‘lib, xavfli chiqindilar chiqindilarning ekologik sertifikati hamda ularni tashish uchun berilgan ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda maxsus jihozlangan transport vositalarida tashilishi, ko‘mib tashlanadigan joy hokimiyat tomonidan belgilanishi hamda shahar va tuman obodonlashtirish bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratda bo‘lishi lozim. Biz hududlarda bu masalaga qanchalik e’tibor qaratilayotganligini kuzatdik, kezi kelganda, tushuncha berdik. Gap faqat kimnidir jarimaga tortib, qo‘rqitishda emas, odamlarda atrof-muhitga munosabatni o‘zgartirishda.

Bu masalalar yaqinda «Yuksalish» umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tomonidan davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida muhokama etildi. Unda turli xil fikr-mulohazalar hamda takliflar bildirdi.

Xulosa o‘rnida bir misolni aytib o‘tmoqchiman. Tahririyatimiz joylashgan Ulug‘ Tursunov ko‘chasidagi bir hudud qancha gapirilmasin, e’tirozlar bildirilmasin, chiqindi to‘planadigan o‘choqqa aylanib qolyapti. Uni shu mahallada yashovchilarning o‘zlaridan tashqari chetdan kelib hech kim tashlayotgani yo‘q. Vaholanki, mahallaga har hafta chiqindi tashish mashinasi muntazam kelib turishiga guvohmiz.

Darvoqe, Farmonda “belgilangan tartibda avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’yektlariga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar qilish huquqini berish ham ko‘zda tutilgan. “Bunda, tadbirkorlik sub’yektlari javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘ning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki tizimli ravishda chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilishi kuzatiladigan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish yuzasidan vazirlikka buyurtma berish imkoniyatini yaratilgan. Yuqoridagi misolning o‘zi ushbu muammo yechimida bundan boshqa chora qolmagan, degan xulosaga olib keladi.

Gulruh Mo‘minova.