Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi o‘quv yili: Samarqandda 73 mingga yaqin bola 1-sinfga qabul qilindi

Viloyatimizda ayni paytda 1220 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud. 49 790 nafar o‘qituvchilar ilmiy-pedagogik faoliyat bilan band.  O‘qituvchilarimizning 40 703 nafari oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, maktablarda 8650 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar mehnatidan foydalanilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, eng ko‘p o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Payariq, Jomboy, Bulung‘ur tumanlari hamda Katta¬qo‘rg‘on shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib bormoqda.

Umuman, viloyat bo‘yicha ayni paytda 508 nafar o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud. Shu bois, joriy yilda O‘zbekiston Milliy universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand davlat chet tillar institutining 220 nafar bitiruvchilari, 239 nafar akademik litsey va kollejlardan bo‘shagan o‘qituvchilar ishga olinmoqda.

Shuningdek, 49 nafar pensiyadagi o‘qituvchilar va viloyatdagi pedagogika yo‘nalishi bitiruvchilarini ta’lim-tarbiya ishlariga jalb qilish rejalashtirilgan.

Mustaqillik yillarida pedagog xodimlarimizning oliy o‘quv yurtlarining 380 nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Birgina 2016-2018 yillarda 18 nafar ustozlar davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgani o‘qituvchi-murabbiylar mehnatining yuksak qadrlanayotganidan dalolatdir.

Viloyatimizdagi maktab binolarining 70 foizi 1991 yildan keyin qurilgan. O‘tgan davr mobaynida eski binosi paxsa hamda xom g‘ishtdan bo‘lgan 244 ta maktab uchun yangi bino bunyod etilgan.

Bundan tashqari, shahar va tumanlarda 28 ta ta’lim muassasalari, jumladan, 2 ta mehribonlik uyi, 9 ta maxsus maktab-internat, 17 ta "Barkamol avlod" bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Keyingi yillarda Samarqand shahrida 8 ta, Kattaqo‘rg‘on shahri va Ishtixon, Payariq tumanlarida 1 tadan nodavlat maktablar tashkil etilgan.

Biroq 1220 ta maktablarning umumiy quvvati 525 096 o‘rinni tashkil etsa-da, haqiqatda o‘quvchilar soni 726 125 nafarni tashkil qilmoqda. Bu esa bino quvvatiga nisbatan o‘rtacha 1,4 koeffitsiyentni tashkil etadi, degani. Tahlillarga ko‘ra, 107 maktab 2-3,2, 328 ta maktab 1,5-2 koeffitsiyentda ishlashi zarur bo‘lmoqda.

Tabiiy savol tug‘iladi: koeffitsiyentni maqbullashtirish uchun qanday choralar ko‘rildi?

Birinchi navbatda viloyatdagi 54 ta kasb-hunar kolleji tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari tasarrufiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, maktablardagi yordamchi xonalarni ham dars o‘tadigan sinflarga aylantirish hisobidan muammo bartaraf etilmoqda.

Umuman, joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini joriy ta’mirlashga jami 24,4 milliard so‘m, (mahalliy byudjetdan 20,4 milliard so‘m, homiylardan 2,5 milliard so‘m va byudjetdan tashqari topilgan mablag‘lar hisobidan 1,5 milliard so‘m) mablag‘ yo‘naltirildi.

Joriy yil investitsiya dasturiga asosan viloyatimizdagi 49 ta maktabda 95,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 ta yangi qurilish, 34 ta rekonstruksiya va 14 ta mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, "Obod qishloq" dasturi doirasida 24 ta, "Obod mahalla" dasturi doirasida 3 ta maktabda jami 47,1 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 ta yangi qurilish, 11 ta rekonstruksiya va 15 ta mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Boshlanayotgan 2019-2020-o‘quv yilida 73 mingga yaqin bola 1-sinfga qabul qilindi. Ularga "Prezident sovg‘a"lari  tarqatildi.

Ulug‘bek Mamarasulov,

viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.