Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangicha yashashga intilyapmiz, bunga erishish uchun yangicha ishlashga ham o‘rganishimiz kerak

Ba’zida yoshi ulug‘ kishilarning farzand va nabiralariga yoki shogirdlariga “Bizning vaqtimiz o‘tdi endi, bugunning yo‘rig‘i boshqa, sizlar yangicha yashashingiz kerak” degan gaplarini eshitib qolamiz. Yoki ayrim kishilarning “Zamon o‘zgarib ketdi, bizning qarashlarimiz bugunga to‘g‘ri kelmaydi” degan so‘zlariga javoban “Zamon emas, odamlar o‘zgarib ketdi” tarzidagi javoblarni eshitamiz.

Umuman, hayot haqida, odamlar va jamiyat to‘g‘risida doim hammada turli xil fikrlar bo‘lgan. Bir kishining fikri, nuqtai nazari boshqa birovnikiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin va bu tabiiy hol.

Har kim dunyoni, hayotni o‘z bilganicha, anglaganicha idrok qiladi. Shundan kelib chiqib, umr, hayot haqida tasavvur va tushunchalari paydo bo‘ladi. Muhimi, ana shu fikrni aytib turishda, boshqalar bilan baham ko‘rishda.

Dunyoga kelib, o‘zini anglagan inson borki, yaxshi yashashga, baxtli yashashga intiladi. “Yaxshi yashash”, “baxtli yashash” degan tushunchalar borasida ham hammaning o‘z fikri bor. Birov butun oila jamuljamligini, salomatligini, xotirjamlikni yaxshi yashashning asosi deb bilsa, boshqa birov to‘kin-sochin turmush tarzi, doim odamlarning e’tiborida bo‘lishni baxtli hayot mezoni deb biladi. Yana shunday kishilar borki, ular uchun odamlarga ezgulik ulashish, birovning hojatini chiqarish, yaxshilik qilish umr mazmuni, baxtli hayotning asosi.

Yon-atrofimizda ushbu toifadagi kishilarni ko‘ramiz, ular bilan hamsuhbat bo‘lamiz, hayotini kuzatamiz va bundan xulosa qilamiz.

Vaqtida farzandlariga mehr bermay bilagidagi kuchiga, mansabiga ishongan ota bugun bolalarining e’tiborsizligidan noliydi. Hatto bolalarining ustidan shikoyat qilib, turli idoralarning eshigini qoqadi. Qonun nuqtai nazaridan ota haq, farzandlar unga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Ammo o‘z padarining e’tiborini, g‘amxo‘rligini sezmay ulg‘aygan bolalar qanday qilib unga mehr beradi, qanaqa muruvvat ko‘rsatadi?

Mana, nima uchun oila degan muqaddas qo‘rg‘onga alohida e’tibor qaratiladi, asrab-avaylashga da’vat etiladi!

Bugun bitta oilada shunday holat yuzaga kelsa, ertaga boshqasida namoyon bo‘la boshlaydi. Yaratgan mana shunday ko‘rgulikdan asrasin!

Jamiyatdagi o‘zgarishlar, munosabatlar, an’ana va qadriyatlar ham o‘sha jamiyat a’zolari hayotida albatta, o‘z aksini topadi. Shuning uchun ba’zida ota-onamiz, yoshi katta kishilar “bizning vaqtimizda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar o‘rtasida mehr kuchli edi, bir-birimizning holimizdan xabardor bo‘lib turardik” deb yoshliklarini qo‘msab qolishadi. “To‘y-ma’rakalarimiz mol-davlatini ko‘z-ko‘z qilish, qudratini ko‘rsatib qo‘yish vositasi emas, shunchaki el oldidan o‘tish, yaxshi kunimizni xalq bilan baham ko‘rish, tashvishli kunlarimizda ularning daldasidan bahramand bo‘lish edi” degan gapni ham ko‘p eshitamiz. Va bu fikrlarga javoban “hozir zamon boshqacha-da” deb qo‘yamiz. Balki yana ellik-yuz yildan keyin bugungi kunlar haqida ham shunday fikrlar aytilar, bugungi zamon qarashlari o‘sha kunlarga to‘g‘ri kelmas.

To‘g‘ri, davr, zamon zayli odamlar hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi (otaning fikri bolaga to‘g‘ri kelmaydi, degan gapda ham jon bordir). Odamlar turmush tarzi, bir-biriga munosabati ular yashab turgan jamiyatning hosilasidir.

Ammo baribir har bir millat, xalqning asrlar o‘tsa-da, bir necha avlodlar almashsa-da, o‘zgarmaydigan qadriyatlari, o‘ziga xos turmush madaniyati bo‘ladi va u qondan qonga, ajdodlardan avlodlarga o‘taveradi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Siz dunyoning qaysi davlatida, qanday tuzumdagi sharoitda, qanday xalq bilan yashasangiz-da qoningizdagi o‘ziga xos xislatu fazilatlar, ota-bobolaringizning turmush tarzi, hayotga munosabati sizning hayotingizda, yurish-turishingizda ham aks etaveradi. Ayrimlar buni inkor etishga urinsa-da bu haqiqat.

Yashash – jasorat, deb yozgan edi mashhur shoirlarimizdan biri. Ha, yashash, to‘g‘ri yashash – jasorat, ham mas’uliyat. Bu ota-ona uchun farzandlar oldidagi mas’uliyat, farzandlar uchun ota-ona, aka-uka, opa-singil oldidagi mas’uliyat. O‘z navbatida oilaning jamiyat oldagi mas’uliyati bu.

To‘kin hayot, birovdan kam bo‘lmay yashash  - bu hali yangicha yashash degani  emas. Ota-ona zurriyodini to‘g‘ri tarbiyalab, yaxshi o‘qitib, yaxshi yedirib-ichirib voyaga yetkazishni istaydi. Ular bunga burchli. Lekin ota-ona farzandiga go‘zal xulq, yaxshi odobdan bo‘lak davlat, boylik berolmasligi haqiqat. Chunki bu boylik, meros qondan qonga o‘tadi. Bergandayam ular yaxshi yashash uchun asos bo‘lmasligi mumkin. Bunga ham yon-atrofimizda hayotiy misollar bisyor.

Yana bir nozik masala – jamiyatdan nolish, davrdan norizo bo‘lish kayfiyati. Qachonki, biz o‘zimizning dunyoqarashimizni, fikrimizni o‘zgartirsakkina jamiyatdagi o‘zgarishlarga turtki bo‘lamiz. Jamiyatni hech kim chetdan kelib yaratmaydi, uni o‘zimiz, shu jamiyat a’zolari o‘z hayoti, yashash tarzi, xatti-harakatlari bilan yaratadi.

O‘tgan hafta Samarqandga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari joylarda kechayotgan islohotlar jarayonlari bilan tanishdi, yangi rejalar belgilandi. Viloyat faollari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev “Barchamiz yangicha yashashga intilyapmiz, bu yaxshi albatta. Endi yangicha ishlashga ham o‘rganishimiz kerak” deb ta’kidladi. To‘g‘ri-da zamonga mos bo‘lib, baxtli, farovon yashashni istagan inson shunga yarasha mehnat qilishi, harakatda bo‘lishi kerak.

G‘olib Hasanov.