Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yapon olimlari: “Omikron”ning yangi mutatsiyasi o‘pkaga “zarba” bermoqda

Dunyoda koronavirusga chalinish holatlari kundan-kun kamayayotgani insoniyat uchun yaxshi yangilik. Bu pandemiyaning o‘tkir bosqichi ortda qolayotganini anglatadi.

Ammo shunga qaramay, olimlar “omikron”ning yangi VA.2 subvarianti keng tarqala boshlaganidan jiddiy tashvishda. Tahlillarga ko‘ra, mazkur mutatsiya hozirgacha 60 ga yaqin mamlakatda aniqlangan.

Xo‘sh, mutaxassislarni ko‘proq nima xavotirga solmoqda? Gap shundaki, koronavirusning ushbu yangi turi hozirgi odatiy “omikron”dan keskin farqlanadi. Avvalo, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qo‘yish birmuncha murakkab. Shu sababli u allaqachon “ko‘rinmas shtamm” deya nom olib ulgurdi.

Qolaversa, yuqumlilik darajasi ancha yuqori. Inson organizmidagi antitanachalar hujumlariga “chap berish”ga qodir. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan og‘ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Yapon olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari buni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, “omikron”ning VA.2 turida ko‘proq “delta” shtammiga xos xususiyatlar namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, mazkur subvariant endi yuqori nafas yo‘llarigagina emas, balki insonning nozik a’zosi — o‘pkasiga “zarba” bermoqda.

Yana bir fakt: rossiyalik taniqli epidemiolog Yelena Gasichning ta’kidlashicha, “omikron”ning hozirgi an’anaviy turi bilan xastalanganda, asosan shamollash, ya’ni O‘RVI belgilari namoyon bo‘lsa, VA.2 variantida ta’m va hid bilish qobiliyati yo‘qolishi kuzatilyapti. Bundan tashqari, kasallik oshqozon-ichak faoliyati buzilishi bilan ham kechmoqda.

Shunga qaramay, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi maxsus vakili Melita Vuynovich shu yil koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya nihoyalanishi odamlar endi COVID-19ga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish ko‘rsatkichlari keskin kamayib, o‘sish dinamikasi qayd etilmaydi.

"Kasallanganlar soni ko‘pligi virusning mutatsiyaga uchrash imkoniyatiga egaligini bildiradi, - deydi JSST maxsus vakili. - Shu sababli, hozir epidemiologik vaziyat kelgusida qanday tus olishini aniq bilmaymiz. Biroq SOVID-19 butun dunyoni aylanib chiqqach, yirik epidemiyalar tugaydi, degan taxminlar bor".