Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yapon sayyohining Samarqandda yo‘qolgan sumkasi Toshkentda qaytarib berildi

Toshkent shahar IIBBning xabar berishicha, 2020 yil 3 yanvar kuni soat 12:45 da Toshkent shahar xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha boshqarma xodimlariga yaponiyalik 49 yoshli Ya.A. buyumlari yo‘qolgani yuzasidan murojaat qilgan. U turmush o‘rtog‘i, 54 yoshli K.A. bilan O‘zbekistondagi tarixiy shaharlarni tomosha qilish uchun kelgan. Turistlarning so‘zlariga ko‘ra, ular sumkalardan biri yo‘qolganini Samarqanddan Toshkentga kelayotgan paytda poyezdda payqab qolgan.

Toshkent shahar IIBB xodimlari turistlar Samarqandda qaysi joylarda bo‘lganligini aniqlab, Samarqand viloyati IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasiga bu haqda xabar bergan.

Aniqlanishicha, turistlar vokzalga Samarqanddagi mehmonxona ishchisi tomonidan chaqirilgan taksida kelgan. Taksi haydovchisi, 46 yoshli N.A. bo‘lgan. Samarqand viloyati IIB xodimlari u bilan bog‘langanda, haydovchi haqiqatan ham yaponiyalik turistlarni vokzalga yetkazib qo‘yganini va mashinaning orqa o‘rindig‘ida yo‘lovchilardan biri tomonidan sumka unutib qoldirilganini ma’lum qilgan.

Taksi haydovchisi sumkani mehmonxonaga yetkazib bergan va shundan so‘ng sumka Toshkentga jo‘natilgan. Sumka o‘z egasiga Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlar Yaponiyaga qaytishidan biroz oldin topshirilgan.

Yaponiyalik turistlar Toshkent shahar IIBB va Samarqand viloyati IIB xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.