Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tarixiy adovat qayta uyg‘onmoqda. Nima uchun?

Shu kunlarda Yaponiyaning Janubiy Koreyaga qarshi qo‘llayotgan iqtisodiy taqiqlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ta’sir qilmoqda. Bu haqda Human.uz xabar bermoqda.

Gap shundaki, joriy yilning boshida Yaponiya Janubiy Koreyaning elektron sanoatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan uchta kimyoviy mahsulotini import qilishni to‘xtatdi. Yaponiya hukumatiga ko‘ra ushbu qaror mamlakatdagi xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Rasmiy Seul esa qo‘shnisining qarorini "iqtisodiy qasos" sifatida qabul qilgan va Xalqaro Savdo Tashkilotiga bu bo‘yicha arznoma topshirgan. Tokio esa bunga javoban Janubiy Koreyani iyul oxiriga qadar o‘ta nozik mahsulotlar savdosi amalga oshiriladigan ishonchli davlatlarning "oq ro‘yxati"dan olib tashlash bilan tahdid qilgan. 
To‘satdan yuzaga kelgandek ko‘ringan iqtisodiy ziddiyatlar aslida 2018 yilning kuzida boshlangan edi. O‘shanda Janubiy Koreya Oliy sudi 1945 yilgacha Yaponiya hukumatiga qarashli kompaniyalar tomonidan majburan ishlatilgan, biroq haq to‘lanmagan koreyalik ishchilarning da’vosini yoqlab chiqqan va Yaponiyaning bu kompaniyalari jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lab berishi kerakligi bo‘yicha qaror chiqargan. Ayni paytda Janubiy Koreya sudida 70 ta Yaponiya kompaniyasiga qarshi 1300 nafar da’vogarning arizalari ko‘rib chiqilmoqda. 
Koreya yarimoroli 1910 yildan 1945 yilgacha Yaponiya mustamlakasi bo‘lgan. Aynan shu yillarda ko‘plab koreyaliklar Yapon hukumati tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingan. Ammo Yaponiya hukumatining bayonotiga ko‘ra, 1965 yilda imzolangan ikki tomonlama kelishuvga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi barcha nizo va oldi-berdilar hal qilingan. Shunga ko‘ra, Tokio rasmiylari aybdor deb topilgan kompaniyalar oldiga tovon pullarini to‘lamaslik talabini qo‘ygan. Koreya esa shartnomada muayyan shaxslar bilan bog‘liq masalalar ko‘zda tutilmaganini aytib, Tokioning oqlovlarini rad qilgan. 
Aynan mana shu ayblov va qarorlar ikki hamkor o‘rtasidagi munosabatlarga zarar yetkazmoqda. Ammo ikki tomonlama ziddiyatlarning tarixiy asoslari ham bor. Misol uchun, koreyaliklarning fikricha, hukumat Yaponiya bilan bog‘liq tarixiy haqiqatlarga ko‘z yummasligi kerak. Xususan, mustamlaka davrida yapon harbiylari qo‘lida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan millionlab koreys ayollarning haq-huquqlari tiklanishi va adolat qaror topishi zarur. Oxirgi prezidentlik saylovlarida ham barcha nomzodlar dasturlarida xalqning bu talabi qondirilishini e’lon qilishgan edi.
O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, yaponiyaliklarning 50 foizi Koreya Respublikasiga nisbatan taqiqlarni qo‘llab-quvvatlagan. Bunga javoban, har uch nafar Janubiy Koreya fuqarosidan ikkitasi Yaponiya mahsulotlariga boykotni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 
Ekspertlarning fikricha, Yaponiyaning Koreya yarimorolida uzoq asrlar davom etgan tarixiy ziddiyatlar yana yuzaga kelishi Osiyo iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.