Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaponiyada Olimpiya mash’alasi estafetasiga start berildi

Yaponiyaning Fukusima prefekturasida Olimpiya mash’alasi estafetasi boshlandi. Bu haqda NHK telekanali 25 mart, payshanba kuni xabar berdi.

Antikovid choralari fonida jurnalistlarning ishtiroki cheklangan. Marosim musobaqaning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan YouTubeda translyasiya qilindi.

Estafeta J-Village futbol o‘quv markazida boshlandi. Birinchi mash’ala ko‘taruvchilar Yaponiyaning ayollar futbol jamoasi bo‘ldi. 2011 yilda sportchilar Germaniyadagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lishgan edi. Ularning marosimda ishtirok etishi, xuddi prefektura tanlanishi kabi yaponlar uchun chuqur ramziy ma’noga ega. Ya’ni, 2011 yilgi halokatli sunami va «Fukusima-1» AESidagi avariyadan keyin mamlakatni tiklash timsolidir.

Olimpiya mash’alasi estafetasi Yaponiyaning barcha 47 prefekturasini aylanib o‘tadi va 121 kunda Tokioda yakunlanadi. U yerda 23 iyul kuni Olimpiya o‘yinlari ochiladi.

20 mart kuni Olimpiya o‘yinlari chet ellik muxlislarsiz o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi. Tashkilotchilar pandemiya sababli cheklovlar joriy etishga qaror qilishdi. Yaponiya hukumati 90 ming xorijlik sportchi, murabbiy, jurnalist va homiy vakillarni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, 12 mart kuni XOQ (Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi) tomonidan Olimpiadadan oldin sportchilarni COVID-19 ga qarshi emlash tavsiya qilingan bo‘lsa-da, bu ularning ixtiyori bilan bo‘lishini e’lon qildi. Keyinchalik, 24 mart kuni XOQ rahbari Tomas Baxning aytishicha, jamoalarning katta qismi allaqachon emlangan, boshqalari o‘z mamlakatida emlash majburiyatini olgan.

Tokio Olimpiadasi 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustga qadar bo‘lib o‘tishi kerak edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli musobaqa bir yilga qoldirildi. Yangi sana - 2021 yil 23 iyuldan 8 avgustgacha qilib belgilandi. Shu bilan birga, «Tokio-2020» o‘yinlarining nomlanishi ham saqlanib qoldi.

G.XOLDOROVA tayyorladi.