Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaponiyalik sayyohlar Samarqand haqida nima deydi?

Kecha “Narita-Samarqand” yo‘nalishida charter reys bilan 209 nafar yaponiyalik sayyoh viloyatimizga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan 2018 yilning fevralidan Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun yurtimizda 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy etilgandi. Bu mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar soni ortishiga xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilning 6 oyida viloyatimizga 157 mamlakatdan 281 mingdan ortiq sayyoh kelgan. Birgina “Narita-Samarqand” yo‘nalishida 13 marta parvozlar amalga oshirilgan.

– Yurtingizga birinchi marta kelishim, – deydi Shizino Okunura. – Samarqandning tarixiy obidalari to‘g‘risida internet orqali ma’lumotga ega edim. Tarixiy obidalar bir-biridan chiroyli, ayniqsa, tungi Registon menga bir olam zavq bag‘ishladi. E’tibor bersam o‘zbek va yapon xalqlarining bir-biriga o‘xshash tomonlari ko‘p ekan.

– Ochig‘i, bizni yuqori saviyada kutib olganlaringizdan benihoyat xursand bo‘ldik, – deydi Kozima Yuko. – Aeroportda xalqaro tajriba asosida “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy etilgani, noqonuniy va taqiqlanmagan tovar bo‘lmasa 4-5 daqiqa ichida bojxona zonasidan o‘tish mumkinligi juda qulay. Shu bois bojxona nazoratidan ortiqcha ovoragarchiliksiz o‘tdik.

– Yirik matbuot manbalarida, televideniyeda O‘zbekiston mavzusi doimo yoritib boriladi, – deydi Yuko O‘irota. – Shu bois yurtingiz tarixi, go‘zal tabiati va qadimiy urf-odatlariga Yaponiyada juda katta qiziqish bildiriladi.

Umuman, O‘zbekiston mening ikkinchi Vatanimga aylangan. Chunki 4 yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘qiganman. Men avval ham Samarqandda bo‘lganman. Bu yerda tayyorlanadigan nonning ta’mi og‘zimda qolgan.

Sayyohlar 7 kun davomida Buxoro, Shahrisabz va Xiva shaharlariga ham sayohat qilishi rejalashtirilgan.

Samarqand viloyati bojxona

boshqarmasi axborot xizmati.