Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaponiyaning Nara shahrida Samarqand kunlari bo‘lib o‘tmoqda

Yaponiyaning Nara shahridagi Samarqand kunlari festivaliga start berildi.

Turizm sohasi vakillari — tadbirkorlar, hunarmandlar, ishbilarmonlar hamda madaniyat xodimlaridan iborat Samarqand viloyati delegatsiyasi Yaponiyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Festivalning birinchi kunida Nara va Samarqand vakillari ishtirokida Samarqandning turizm va investitsion salohiyatiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi. Konferensiya ishida yaponiyalik va samarqandlik biznes hamda Nara prefekturasi va Samarqand viloyati delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada ishtirok etgan Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita Samarqand va Nara o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Tadbir doirasida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning festival ishtirokchilariga video murojaati eshittirildi. Shu bilan birga konferensiyada viloyat turizm va investitsion salohiyati, transport-logistika tizimida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, turistik kompaniyalari tomonidan yangi turizm mahsulotlari to‘g‘risida taqdimotlar tashkil etildi.

Konferensiya yakunida uchrashuvlar tashkil etilib, mamlakatimizga yaponiyalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha ikki tomon turistik korxonalari o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Samarqand kunlari doirasida shu kunning o‘zida Samarqandning turizm, investitsiya, hunarmandchilik, gastronomiyasi salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi hamda Samarqand oshi tayyorlanib, mehmonlarga tortiq etildi.

Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar samarqandlik xonanda va sozandalarning kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lishdi.

Tadbirlar davom etmoqda.

***

Ma’lumot uchun: 2021 yil 24 dekabr kuni Samarqand bilan Nara o‘rtasida munosabatlar to‘g‘risida shartnoma imzolangan.