Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yashasin, yaponlar!

Internet olami juda g‘alati. Ko‘pchiligimizda baribir unga nisbatan “immunitet” kerakli darajada shakllanmagan, shekilli. Nega, deysizmi – mana isboti!

Ba’zi xabarlar, yangiliklar yoki videolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizga aloqasi bo‘lmasa-da, baribir kayfiyatimiz yo buziladi, yo ko‘tariladi, uyalamiz, g‘azablanamiz, hafsalamiz pir bo‘ladi yo aksincha.

Shu bir necha kunda bizda “trend”da bo‘lgan ba’zi voqealarni tahlil qilib ko‘raylik: Surxondaryoda kelinni urgan kuyov voqeasidan qattiq g‘azablandik, butun dunyoga sharmandamiz chiqdi. Nemislar “O‘zbeklarda bu odatiy hol”, deyishdi, koreyslar ham yana bir nimalar deb o‘zbeklarning ustidan kuldi.

Bugun yana bir xabarni o‘qib,  ko‘pchilik  lol qolgan bo‘lsa, ajabmas!

Xabaringiz bor, kecha 15 iyun kuni Toshkentda o‘tayotgan 23 yoshli futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi bahsi yarim finalida jamoamiz Yaponiya terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Rasmiy xabarlarda yozilishicha, Yaponiya terma jamoasi mag‘lubiyatga uchraganiga qaramasdan, o‘zlarining kiyinish xonalarini top-toza qilib, yig‘ishtirib ketishdi. Mana, sizga MADANIYaT namunasi (bunday holat futbol bo‘yicha jahon chempionatida ham kuzatilgandi).

Afsuski, bizda ayrimlarda ana shu narsa umuman yetishmaydi. Uyat bo‘lsa ham aytay, yaqinda ish yuzasidan bir viloyat tashkilotiga borishga to‘g‘ri keldi. Bino o‘ta zamonaviy, barcha shart–sharoitlarga ega, hatto yo‘laklari ham salqin – maza qilasiz. Ammo koridorda yursangiz, ko‘lansa hid ko‘nglingizni ozdiradi. Qabulxonada o‘tirgan qizdan “Sizlarda kanalizatsiya buzilganmi?”, deb so‘radim.

Bechora yig‘lamoqdan beri bo‘lib javob berdi. Aytishicha, ish yuzasidan tashkilotga asosan ziyoli, o‘qimishli va tushungan “katta” odamlar kelarkan. Ular hojatxonadan foydalanisharkan-u, tozalikka rioya qilishmas ekan.

Ana, xolos! Bu ham  “madaniyat”  belgisimi?

Futbolga qaytamiz. Biroz oldinroq “oriyatli” va “g‘ururi” baland O‘zbekiston fuqarosi sifatida futbol federatsiyasining bir qaroridan achchig‘imiz keldi, albatta. Iroq terma jamoasi bilan bo‘lgan o‘yindan so‘ng federatsiya Yaponiya bilan bo‘ladigan o‘yinga o‘zbekistonlik muxlislar kiritilmasligi haqida qaror chiqardi (Iroq bilan bo‘lgan o‘yinda tomoshabinlar tribunadan o‘yin maydoniga tosh otishgani uchun).

Qarang–a, xalqaro musobaqa O‘zbekiston zaminida bo‘lsa-yu, unga o‘zbek  muxlislari  – futbol ixlosmandlari  kiritilmasa. Jazo bundan ortiq bo‘lmaydi...

Lekin biroz o‘ylab ko‘rsangiz, bu bir tarafdan to‘g‘ri jazo bo‘lgan.

O‘yin Yaponiyadan kelgan 500 ga yaqin muxlis bilan o‘tdi. Ular o‘z jamoasiga muxlislik qilgan, ammo baribir yutqazishdi! (Yaponiyadan kelgan tamoshabinlar stadionda o‘tirgan joylarini ham toza qilib ketganiga ishonchimiz komil!)

Biz dunyoga qanday millat sifatida tanilgan edigu, endi kim, degan nom chiqaryapmiz? Ishtixonda yer talashgan ayollar bir–birini sochini yulgan... Kasalxonada davolanayotgan yoshgina ona chaqaloq bolasini ayovsiz kaltaklagan...

Yana bu ishlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ularga nisbatan chora ham ko‘rilyapti. Nega shuncha katta tashvishlar, muammolar turganda, vakolatli tashkilotlar ana shunday  “videolar”ni o‘rganishga vaqtini sarflashi kerak – bu  ham bir masala!

Ammo alam qiladigani, chora ko‘rilsa, tushuntirish ishlari olib borilsa ham  bunaqa ahmoqona va millat sha’nini yerga uradigan holatlar ko‘paysa, ko‘payyaptiki, kamaymayapti...

Ana shunaqa gaplar!

Gulchehra Berdiyorova.