Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yirik miqdordagi pullarni talon-toroj qilgan «Avtotrans-Urgut» DUK mansabdor shaxslari faoliyati to‘xtatildi

Joriy yilning mart oyida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan «Avtotrans-Urgut» DUK mansabdor shaxslari tomonidan yo‘lovchi tashishdan tushadigan naqd pul va soliqqa to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni talon-toroj qilib kelayotganligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxslar tomonidan korxonada uyushgan guruh tashkil etilib, ular aniq reja asosida jinoiy faoliyat olib borgan.

Jumladan, mazkur jinoiy guruh tomonidan davlatga to‘lanishi lozim bo‘lgan kredit mablag‘lari ham o‘zlashtirilgan. Oqibatda sun’iy ravishda qarzdorlik oshirilib, korxonaning xo‘jalik-moliyaviy holati qasddan “sindirilgan”.

O‘tkazilgan monitoring davomida aniqlanishicha, «Avtotrans-Urgut» DUK uchun davlat tomonidan 60 ta avtobus sotib olish va korxona ustav jamg‘armasini shakllantirish maqsadida jami 4,5 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.

2021 yilning mart-avgust oylarida jamiyat kassasiga kirim qilingan naqd pullar AT «Ipotekabank» Samarqand filialiga topshirmasdan kelingan va 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ jinoiy guruh tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

Bundan tashqari, ushbu guruh tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasdan, yashirilgan holda soliq hisobotlari tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etilgan.

Shu bilan birga, jinoiy guruh korxonaning yuridik manzilini Urgut tumanidan Samarqand tumaniga ko‘chirgan. O‘zlashtirilgan pul mablag‘larini to‘lashdan qochish va DUKni o‘zlashtirish maqsadida korxonani sun’iy ravishda inqiroz holatiga keltirishgan.

Ushbu mas’ullar sun’iy ravishda bankrot holatiga olib kelingan korxonani ochiq auksion savdosida bor-yo‘g‘i 1,7 mlrd. so‘mga baholatib, o‘zlari sotib olishni rejalashtirgan.

Ayni paytda ushbu jinoiy faoliyat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.