Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘l-patrul xizmati xodimiga bo‘ysunmay, uni sudrab ketgan haydovchi ushlandi

2020 yil 22 yanvar kuni “Samarqandliklar” telegram kanalida ichki ishlar organi xodimiga bo‘ysunmay, transport vositasini boshqargan haydovchining nojo‘ya xatti-harakati aks etgan videolavha tarqaldi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tezkor surishtiruv harakatlari olib bordi. Aniqlanishicha, 22 yanvar kuni soat 14.00 larda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi hamda viloyat transport boshqarmalari tomonidan tasdiqlangan 11/3-110-sonli taqsimotga asosan viloyat hududida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida yo‘l-patrul xodimi, safdor O.G‘oibov Samarqand shahar Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida viloyat transport boshqarmasi inspektori Z.Yarqulov bilan birga xizmat olib borgan. Ish jarayonida “Damas” rusumli transport vositasi haydovchisi Samarqand shahar Narpay ko‘chasidan harakatlanib kelib, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasiga burilib to‘xtagan. Haydovchi yo‘lovchilarni tushirayotgan vaqtida O.G‘oibov jezl yordamida to‘xtash ishorasini bergan. Ammo «Damas» haydovchisi transport vositasini ichki tomondan qulflab olib, mashinani orqa tomonga harakatlantirgan. O.G‘oibov undan transport vositasidan tushish va boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishni talab qilgan. Bu talabga bo‘ysunmagan haydovchi transport vositasini harakatlantirib, xodimni yo‘lning sirpanchiq qismi orqali sudrab borib Samarqand shahar Narpay ko‘chasi yo‘nalishida boshqarib ketgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari jarayonida mazkur avtoulov 30 Q 690 OA davlat raqamli “Damas” rusumli  transport vositasi bo‘lib, Samarqand tumani Turkman qishlog‘ida yashovchi fuqaro O.X.ga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu transport vositasini uning o‘g‘li, Samarqand tumani Turkman mahallasida yashovchi A.B. boshqargan. Surishtiruv natijalaridan so‘ng unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi, 128(4)-moddasi 2-qismi, 135-moddasi 2-qismi va 194-moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Shuningdek, fuqaro A.B. tomonidan ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, uning faoliyat olib borishiga faol qarshilik ko‘rsatganligi holatiga huquqiy baho berish uchun unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194, 195-moddalari tartibida to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilish uchun Samarqand shahar ma’muriy sudiga yuborildi.

Mazkur ma’muriy ish sud tomonidan ko‘rib chiqilishi natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

  Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati.