Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yo‘l-transport hodisasi sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Keyingi yillarda mamlakatimizda odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining soni oshib bormoqda. Jumladan, respublika IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda 9864 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ulardan 1642 tasi bevosita odam o‘limiga sabab bo‘lgan. 2020 yilda esa 10130 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ular oqibatida 1867 nafar kishi halok bo‘lgan.

O‘tgan 2021 yil davomida mamlakatimiz yo‘llarida 10001 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 9230 nafar fuqaro turli darajada jarohatlangan va 2436 nafar kishi vafot etgan.

Bu kabi og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalariga sababchi bo‘lgan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddaga ko‘ra, avtomashinani boshqarayotgan shaxsning harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida boshqa shaxs o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir darajadagi tan jarohati olishiga sabab bo‘lsa, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo tayinlanishi mumkin. Shunday qoidabuzarlik odam o‘limiga sabab bo‘lsa, avtomashina boshqarish huquqidan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo, agarda odamlar o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, avtomashina boshqarish huquqidan mahrum qilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilgan.

Bu sohadagi milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, Vazirlar Mahkamasining 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ga yo‘llarda xavfsiz harakatlanish imkonini beruvchi yangi qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2022 yilning 13 aprelida Vazirlar Mahkamasining 172-sonli qarori bilan amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, mazkur qarorga muvofiq, aholi punktlarida transport vositalari harakati tezligini soatiga 70 km/s dan, maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda esa 300 metrgacha masofada 30 km/s dan, turarjoy dahalari va yondosh hududlarda  (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 km/s dan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etildi. Shuningdek, harakat davomidagi xavfsizlik ta’minlanishi uchun haydovchining yonidagi old o‘rindiqda ketayotgan yo‘lovchi ham xavfsizlik kamarini taqishi shartligi belgilandi. Shu bilan birga, bir nechta yo‘l belgilarining yangilangan ko‘rinishdagi namunalari ham qabul qilindi. Mazkur “Yo‘l harakati qoidalari”ga kiritilgan o‘zgartirishlar 2022 yilning 1 mayidan amalga tatbiq etildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida olib borilayotgan bu kabi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad - yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni ta’minlashdan iborat.

Jamshid Sadikov,

IIV Akademiyasi tergov faoliyati mutaxassisligi kursanti.