Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlar muammosi tinglandi, yechimini kim ta’minlaydi?

Joriy yilning 25 iyun kuni viloyat hokimi E.Turdimov yoshlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgani, ularning talab-istaklarini eshitgani, bu muammolar yechimi yuzasidan choralar ko‘rgani haqida xabar qilgan edik.

Uchrashuvda yoshlardan 122 ta murojaat qabul qilingan.

Shundan so‘ng viloyat hokimi raisligida 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, mas’ul xodimlar, tuman (shahar) hokimliklari, viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlarni mazmunan hal etishi yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi. Murojaat mazmunidan kelib chiqib, ijro uchun 3 kundan 1 oygacha muddatga muhlat berildi. 

Biz ana shu topshiriqlar ijrosini o‘rganishga urinib ko‘rdik. Chora-tadbirlardagi manzillar bilan bog‘landik. 

Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi Parviz Qurbonovning aytishicha, uch oydan buyon tomorqasidan 6 sotixlik zamonaviy issiqxona qurishga hamda qandolat sexi ochish uchun imtiyozli kredit olishga harakat qilmoqda. Viloyat hokimiga murojaat qilganidan so‘ng masalaga ijobiy yechim topish vazifasi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi O.To‘xtayev hamda Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarovga yuklatilgan. Biroq 7 kun o‘tsa ham Parvizning muammosi bilan mutasaddilar qiziqqan emas. 

“Akfa” eshik romlari yasash uchun 12 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam so‘ragan qo‘shrabotlik Bekzod Anvarovning murojaati bir hafta ichida o‘rganib chiqish belgilangan bo‘lsa-da, ammo haligacha u bilan hech kim xabarlashmagan. O‘zining bildirishicha, karantin sharoiti sababli tuman hokimligiga kirolmagan, “Agrobank”ning tuman bo‘limi xodimlari esa kredit uchun pul yo‘qligini aytishgan. 

Urgutlik Halovat Mahkamova tumandagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kimyo-biologiya xonalarini maxsus jihozlar bilan ta’minlashni so‘ragan. Ammo uning ham murojaati bo‘yicha hech kim qo‘ng‘iroq qilmagan, muammo haligacha hal etilmagan. Vaholanki, Halovatning murojaatini bajarish Urgut tumani hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilariga yuklatilgan. 

Paxtachilik Marjona Hamroyeva shu yil tibbiyot kollejini bitirgani, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmayotgani haqida murojaat qilgan. Afsuski, Marjona ham hanuzgacha ishsiz ekani, ish topishga muhtojligini bildirdi. Qizning murojaati ijrosiga negadir na viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, na viloyat bandlik bosh boshqarmasi mutasaddilari e’tibor qaratgan. 

Shunisi taajjubliki, viloyat hokimiga murojaat qilgan yoshlar ro‘yxatida ism-familiyalari va telefon raqamlari yozilgan ba’zi yigit-qizlar hech kimga, hech qanday murojaat qilmaganini bildirdilar. Ba’zilarining esa telefon raqamiga tushishning iloji bo‘lmadi. 

Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashuvidan maqsad ularning muammolarini hal etish orqali jamiyatga yangi, jo‘shqin kuchlarni jalb etishdir. Mutasaddi idoralar rahbarlarining bunday xayrli ishga panja orasidan qaraganini qanday tushunsa bo‘ladi? 

Biz yuqorida yoshlarning uch kun yoki bir hafta muddat ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan murojaatlari yuzasidan surishtirdik, xolos. Bir oydan so‘ng qolgan murojaatlar natijasini ham o‘rganamiz va bu haqda mushtariylarni xabardor etamiz. 

Xurshida Ernazarova, 

«Zarafshon» muxbiri.