Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlarning startap loyihalari uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan

Pandemiya davrida mehnat bozorida ishsizlik darajasi 11 foizga yetdi, hozirgi vaqtda esa 9,8-10 foizgacha pasaydi. Ayollarning 33 foizi, yoshlarning 20 foizi ishsiz. Hozirgacha 55 ming yoshlar va 18 mingdan ortiq ayollar ish so‘rab murojaat qildi.

Bu raqamlar viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning yoshlar bilan uchrashuvida aytildi.



- Viloyatimizda bir yilda 85 mingdan ortiq tug‘ilish kuzatiladi, - deydi J.O‘roqov. - Lekin bizda hozir yiliga 45 mingta ish o‘rni yaratilmoqda. Mehnatga layoqatli 1,8 million kishidan 510 ming nafari soliq to‘lovchi hisoblanadi, qolganlari esa yollanma ishchi va xorijiy davlatlarga ishlagani chiqib ketishgan. Bu kabi holatlarning oldini olish va ish o‘rinlari yaratish uchun imtiyozli kreditlar asosida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlaridan yoshlarga yer ajratilib, ularning bandligi ta’minlanmoqda. Ishbilarmonlikka ishtiyoqi bor yoshlar tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilmoqda. Solishtiradigan bo‘lsak, qo‘shni Qozog‘istonda 1,2 million tadbirkor bor va bir nafar tadbirkorga 15 nafar fuqaro to‘g‘ri keladi. Bizda esa bir tadbirkorga 90 nafar fuqaro to‘g‘ri keladi. Raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki barqaror faoliyat yuritadigan tadbirkorlarimiz yetarli emas. Shu bois, besh yo‘nalishda Samarqandning iqtisodiy rivojlanish drayverlarini ishlab chiqdik. Bular bozorda talab yuqori bo‘lgan va katta import hajmiga ega bo‘lgan elektrotexnika, kimyo sanoati, farmatsevtika sanoati, quruq mevalarni qayta ishlash va eksport qilish hamda turizm yo‘nalishlaridan iborat.

Misol uchun, viloyatimizda ehtiyojdan ko‘ra 2,5 barobar ko‘p qishloq xo‘jalik mahsuloti ishlab chiqariladi, lekin imkoniyat bo‘lsa-da, eksport kam. Yoki Samarqand shahrini million aholi yashaydigan shaharga aylantirish rejalari amalga oshirilmoqda. Bu nima uchun kerak? Bu dunyo brendlarini shu yerga jalb etishga yordam beradi.

O‘tgan yilgi uchrashuvda yoshlarning axborot texnologiyalari, startap loyihalari uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilganini e’lon qilgandik. Ammo afsus, hozirgacha mablag‘ning bor-yo‘g‘i 100 million so‘mi o‘zlashtirildi, xolos.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarining loyihalari, ishlanmalari, g‘oyalarini amalga oshirish borasidagi savollariga javob oldilar.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov olgan surat.