YouTube videoxostingida “Sirojiddin media” kanali muallifi Samarqandda qamoqqa olingan

U "ishni hal qilib beraman» deb pastdarg‘omlik fuqarodan pul olganlikda ayblanmoqda.

Viloyat IIB telegram kanalida blogerning qamoqqa olinganini tasdiqlovchi xabarni e’lon qildi.

Unda aytilishicha, Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan fuqaro R.X. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Murojaatda 2024 yil avgust oylarida Toshkent shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan S.A.ga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan. S.A. vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, ishni uning foydasiga hal qilib berishni va’da qilib, evaziga ma’lum miqdorda pul olgan.

Biroq u hozirgi kunga qadar bergan va’dasini bajarmasdan, jabrlanuvchini aldab kelganligi bois, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.