Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yozgi oromgohlarning fidoyi xodimlari taqdirlandi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari birlashmasi kengashi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan anjuman bolalarni yozgi dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi yakunlariga bag‘ishlandi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilgi mavsumda viloyatda 78 ta oromgoh (55 tasi kunduzgi) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 21 ming nafardan ziyod bolalar dam oldi.

- Muassasamizda “Yoshlik” nomli kunduzgi oromgoh tashkil etilgandi, - deydi Samarqand shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Dilbar Mavlonova. – Mavsum davomida doimiy oromgohlardagi muhitni yaratishga harakat qildik. Bolajonlarning munosib dam olishi, yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi uchun lozim barcha sharoitlarni yaratdik. Bu harakatlarimiz besamar ketmadi. Bugun oromgohimiz viloyatda “Eng namunali kunduzgi bolalar oromgohi”, deb e’tirof etildi.

Mavsumda faollik ko‘rsatgan bir guruh xodimlar viloyat hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. “Eng mohir to‘garak rahbari”, “Eng faol yetakchi”, “Eng yaxshi tibbiyot xodimi” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlandi.

Farida GAFAROVA.