Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Yuziga qaramay, ko‘kragini nishonga olardim..." Polshalik muhojirlarni o‘ldirishga buyurilganini aytib berdi

Belarusga qochib, siyosiy boshpana so‘ragan polshalik harbiy xizmatchi Emil Chechko Belarus davlat televideniyesiga bergan intervyusida Polsha xavfsizlik kuchlari tomonidan noqonuniy muhojirlarni o‘ldirishda qatnashgani - ularga qarata o‘q uzganini aytdi.

Belarus Davlat chegara qo‘mitasi o‘tgan juma kuni polshalik harbiy xizmatchi Minskdan siyosiy boshpana so‘raganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, bir kun oldin Polsha qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi, 1996 yilda tug‘ilgan Chechko Emil chegara chizig‘ida Belarus chegarachisi tomonidan to‘xtatilgan.

Chegarachilar "Harbiy xizmatchi Polsha migratsiya inqirozi va qochqinlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabat tufayli Belarus Respublikasidan siyosiy boshpana so‘raganini" ta’kidlashdi. Chechko Belarus televideniyesiga bergan intervyusida Polsha xavfsizlik xizmati xodimlari muhojirlarni muntazam ravishda o‘ldirishgani, shuningdek, ikki ko‘ngillini o‘ldirishda aybladi. Uning fikricha, Belarus bilan chegaradosh Polsha hududidagi vaziyatni Qizil Xoch tashkiloti tekshirishi kerak.

"Ular birinchi guruhni maydonga tushirishdi va o‘ldirishdi, keyin ikkinchi guruhni... Men ham shunday qildim - otdim", dedi Chechko yakshanba kuni «Belarus-1» telekanalida namoyish etilgan intervyusida.

Jurnalistning «birinchi marta qanday qilib odam o‘ldirganini eslaysanmi», degan savoliga javob berar ekan, Chechko bu may oyining oxirida sodir bo‘lganini aytdi. "Birinchi marta o‘ldirish buyurilgan odamlar… ularning yuzlari unutilmaydi. Keyingilarida yuziga qaramay, faqat ko‘kragi nishonga olinadi", dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Litva, Latviya va Polsha yaqinda Belarus bilan chegarada Yaqin Sharq va Afrikadan to‘xtatilgan noqonuniy muhojirlar soni ko‘payishi haqida xabar berdi va migratsiya inqirozini yaratishda Minskni aybladi. Minsk buni rad etdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham Minsk bundan buyon YeI mamlakatlariga noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatmasligini ta’kidladi: «G‘arb sanksiyalari tufayli bunga bizda na pul, na kuch» bor dedi u. Belorussiya chegarachilari esa Litva, Polsha va Latviya tomonidan muhojirlarni Belarus hududiga majburan chiqarib yuborish haqida bir necha bor bayonot berishgan.

Noyabr oyida Belarus va Polsha chegarasi yaqinida asosan kurdlardan iborat muhojirlar guruhi tuzildi, dastlab ularning soni 2 ming kishidan oshdi. Muhojirlar Polsha bilan chegarani Grodno viloyatidagi “Bruzgi” nazorat-o‘tkazish punktida (Polsha tomonida – “Kuznitsa”) buzib o‘tishga uringan. Biroq urinish Polsha xavfsizlik kuchlari tomonidan maxsus texnika yordamida to‘xtatilgan.

Keyinchalik Belorussiyada muhojirlarni joylashtirish uchun chegara punktidan uncha uzoq bo‘lmagan transport-logistika markazi tayyorlandi. Ayrim muhojirlar Belorussiyadan uylariga evakuatsiya reyslari orqali yoki yakka tartibda qaytishdi.

Bu orada Belarus-Polsha chegarasida Yaqin Sharq qochqinlarining stixiyali lageri paydo bo‘lishi fonida Polsha xavfsizlik xodimlari sonini oshirdi. «Polshaning Belarus bilan chegara yaqinida 23 ming askar, tank, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa og‘ir qurollarni to‘plash to‘g‘risidagi qarorini migratsiya inqiroziga adekvat javob deb bo‘lmaydi», dedi Belarus Mudofaa vazirligi. Departamentda «bu ko‘proq qo‘shinlarning zarba guruhlarini yaratishga o‘xshaydi» deya ta’kidlashdi.