Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Zafar KARIMOV: “Direktorlari vakant maktablarning ko‘payib borayotgani faqat bizga bog‘liq emas”

– Joriy o‘quv yili yakunida viloyatimizdagi 71 ta maktab direktori lavozimlari vakant bo‘lib, ular  turli sabablarga ko‘ra, direktorlik lavozimlaridan ozod etilgan. Mazkur maktablarda vakant bo‘lgan direktor lavozimiga nomzodlarni tavsiya etishda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda, - dedi Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zafar Karimov. – Masalan, 2018 yil 26 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kuzatuv kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, kuzatuv kengashlari hududiy xalq ta’limi boshqarmasi jamoatchilik komissiyasi tomonidan yuborilgan kamida 3 nafar nomzodlarni ko‘rib chiqib, 10 kun muddat ichida kengashning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirib, yig‘ilishda nomzodlardan birini saylashi lozim bo‘ladi. Biroq ko‘p hollarda boshqarma tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar qo‘shni hududlardan tavsiya etilayotganligi sababli kengashning e’tirozlariga olib kelyapti va maktablardagi vakant o‘rinlarga direktorlarni tayinlashda to‘xtalish bo‘lyapti.

Maktablarda vakant o‘rinlarini kamaytirish maqsadida Xalq ta’limi vazirining buyrug‘iga asosan uzedu.uz saytiga bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar berilmoqda va 15 kunlik muddat ichida direktor lavozimiga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lganlar ushbu sayt orqali murojaat qilishi yo‘lga qo‘yildi. Aksariyat hollarda 15 kunlik muddat o‘tgandan keyin ham tanlov o‘tkazish uchun yetarli nomzodlar ro‘yxatdan o‘tmasligi vakant joylarning oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

2019 yil 15 iyul holatiga vakant direktor lavozimlarga tavsiya etilayotgan 3 nafardan nomzodlarni ko‘rib chiqish va kuzatuv kengashlariga tavsiya etish bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida muddatlari belgilandi. Belgilangan muddatlarda nomzodlarni tayinlash choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlar bo‘yicha tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.