Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

@zarafshonbot ga murojaat: “Zarband”ning yo‘li asfalt “ko‘radi”mi?

Bizning “Zarband” mahallamiz Ishtixon tumanining tog‘li hududida joylashgan. U Qo‘shrabot tumanining Oqtepa mahallasi, Shovona qishlog‘iga tutash.

Buni bejiz aytmayapman. Davlatimiz rahbari 2017 yil aprel oyida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qo‘shrabot tumanida ham bo‘lib, tumandagi “Oqtepa” qishloq fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan uchrashuvda tog‘oldi hududlarida yong‘oqzor va uzumzorlar, chorva boqishni tashkil qilish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va boshqa sohaga oid loyihalar bilan tanishgan edi.

O‘shanda Samarqandda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solib, qo‘shimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkinligi, buning uchun samarali harakat qilish, odamlarda tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish kerakligini ta’kidlab, buning uchun qishloqlar infratuzilmasini o‘zgartirish lozimligi barcha rahbarlarga uqtirilgan edi.

Xo‘sh, amalda nima bo‘ldi? Prezident tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bor-yo‘g‘i 14 kilometr bo‘lgan “Shovona- Zarband” avtomobil yo‘lining «Oqtepa unumdor zamin» fermer xo‘jaligi, ya’ni yangidan tashkil etilgan yong‘oqzor plantatsiyasigacha bo‘lgan qismi ushbu tashrifdan oldin shoshilinch ravishda ta’mirlangandi. Yo‘lning qolgan qismi esa “Keyinchalik ta’mirlanadi”, degan vajlar bilan tashlab qo‘yildi. Afsuski, bugungi kunga qadar ham tuman rahbarlari tomonidan bu yo‘lni ta’mirlashga e’tibor qaratilmadi.

Bu borada tuman hokimligi, masalaga aloqador tashkilotlarga murojaat qilinmagan deysizmi? Qilingan. Ammo murojaatlar o‘rganib chiqilish jarayonida keyingi yil Davlat dasturiga kiritish orqali asfalt qilinishi bildiriladi. Keyingi yilda qilingan murojaatlarga ham xuddi shu tarzda javob qaytariladi. Viloyat hokimiga qilingan murojaatlar ijrosi ham tuman hokimligi va boshqa tegishli tuman tashkilotlari zimmasiga yuklatiladi. Mazkur murojaatlar ham keyingi yil Davlat dasturiga kiritish orqali asfalt qilinishi bildirilib, muammoni bartaraf etganlik to‘g‘risida viloyat hokimligiga axborot beriladi, vassalom...

Xullas, tuman hokimligi va mas’ul idoralarga shu hududda yashovchi aholi tomonidan mashinalar harakati yaxshilanishiga hamda bu orqali boshqa sohalarda ham o‘sish kuzatilishi mumkinligi bildirilib, bir necha marotaba amaliy yordam so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa-da har xil bahonalar bilan bugungi kunga qadar ushbu yo‘l ta’mirtalab ahvolda qolmoqda. Bu muammoni bartaraf etilishida mas’ullar aniq gap aytarmikan?

Shuhrat Yusupov,

Ishtixon tumani.