Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

@Zarafshonbot’ga murojaat: Uyimizda 20 kundan buyon ichimlik suv yo‘q...

Qo‘shrabot tumani Namuna mahallasidan murojaat qilyapmiz.

Mazkur mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylarda 20 kundan buyon ichimlik suv yo‘q.

Isitish tizimlari ishlamayapti. Yosh bolalar va keksalar xonadonlarning sovuqligidan grippga uchramoqda.

Ichimlik suvini sotib olishga majbur bo‘lyapmiz.

"Transformator buzildi", deb barchamizdan 20 ming so‘mdan pul yig‘ib olishdi. Bundan tashqari, har safar "Quvur yorildi, simlar kuyib ketdi", deb pul yig‘ishadi.

Biz istiqomat qilayotgan ushbu ko‘p qavatli uylarning chiqindi suvlari oqib, ko‘chaga chiqayotganligi sababli har bir xonadondan 200 ming so‘mdan pul yig‘ish kerakligini aytishadi. Ammo bu uylarda yolg‘iz onalar, kam ta’minlanganlar yashashadi. Bunchadan pulni berishga hammaning ham imkoniyati yo‘q. Shu sabab chiqindi suvlar ko‘chaga oqib chiqadi.

Tumanga biror "katta" keladigan bo‘lsa, ichimlik suvini o‘chirib qo‘yishadi. Nega deysizmi? Chiqindi suvi ko‘chaga oqib chiqmasligi kerak-da...

Bizning tashvishlarimizni tuman hokimligi, suv ta’minoti korxonasi va masala yechimiga daxldor idora mutasaddilari yengillatar, murojaatimizga ijobiy yechim topar, deb umid qilamiz.

Mohidil Tolliboyeva,
Gulasal Avalboyeva,
Dildora Suyarova va boshqalar (jami 16 ta imzo).