Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 14 mart №34) sonida o‘qing

Samarqand shahar Qorasuv massivida barpo etilayotgan yangi shaharcha faqat ko‘p qavatli binolari bilan kishini hayratlantiradimi? 3 gektarlik bog‘, favvora, pavilon, savdo do‘konlari, zamonaviy maktab, davlat bog‘chasi va davlat xususiy-sheriklik asosida oilaviy bolalar bog‘chalari quriladi, yoshlar uchun 15 qavatli “IT-PARK” qurilib, foydalanishga topshiriladi, deb eshitgandik. Ular qachon quriladi? Bugungi kungacha 18 ta ko‘p qavatli uy egalariga berilgan. Xo‘sh, qolgan uylar qachon foydalanishga topshiriladi? 16, hatto 24 qavatli qilib qurilayotgan bu uylar zilzilaga nechog‘li bardosh beradi?

***

Bozorlar aholi kayfiyatini, turmush farovonligini ko‘rsatuvchi maskan. Bu yerdagi savdo madaniyati, tozalik va tartib bayram arafasida aholi kayfiyatini belgilaydi. Ammo hamma bozorlarda ham tozalikka rioya qilinadimi? Sotilayotgan mahsulotlar sanitariya talablariga javob beradimi? Hanuz bozorlarning asosiy kirish qismidagi xonalar tartibsiz, avtomashinalar uchun turargoh yo‘qligi sababli bozor oldida tirbandlik kuzatiladi. Bozorda rastadan tashqari yerda savdo qiluvchilar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarining chiqindilarini yo‘lakka tashlash holatlari ham kishi ta’bini xira qiladi. Bunday holatlar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Payshanba dehqon bozori”da, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan joyda kalla-pocha sotilayotgani, xaroba ahvoldagi binoda xo‘randalar ovqatlanayotgani, ayrim rastalar atrofida itlarning yurgani Urgut tumanida “Dehqonobod bozori”da kuzatildi...

***

Xitoyning Uxan shahrida boshlangan koronavirus ayni paytda 100 dan ziyod mamlakatda qayd etilgan. Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Eronda virusning avj olishi kuzatilmoqda. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar virusdan 4,5 mingdan ortiq kishi vafot etdi, 68 ming kishi kasallikni yengdi. O‘zbekistonda ushbu virus qayd etilgani yo‘q. Ammo ogohlik – davr talabi. Shu bois sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan Samarqand xalqaro aeroporti, Jartepa sanitar-nazorat punkti orqali o‘tayotgan barcha yo‘lovchilar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, markaz tomonidan Samarqand shahri yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilot va avtotransportlarda, Xitoy Xalq Respublikasidan qaytgan 102 nafar fuqarolarning xonadonlarida, ta’lim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib borildi.