Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishga urinish fosh etildi

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan 65 gramgacha og‘irlikdagi qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Yo‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qonunchilikdan xabardor qilish maqsadida “Jarpeta” chegara bojxona postining kirish va chiqish zallariga me’yoriy hujjatlar aks ettirilgan peshtaxtalar o‘rnatilgan.

Peshtaxtalarda fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar va moddiy boyliklar me’yorlari hamda valyuta qimmatliklari to‘g‘risida barcha ma’lumotlar o‘zbek, tojik va rus tillarida aks ettirilgan.

Lekin shunga qaramasdan, go‘yoki, yaqinlariga “sovg‘a” degan vaj va bahonalar bilan tilla va zargarlik buyumlarini belgilangan normalardan ko‘proq yashirib olib kirishga urinayotganlar hamon uchrab turibdi.

Xususan, “Jarpeta” chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro Q.G. bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida o‘zini tutishi bojxonachilarning e’tiborini tortadi.

Natijada, ushbu shaxs belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida uning kiyimlari orasidan, umumiy qiymati 33 million so‘mlik, og‘irligi 113 gramm bo‘lgan 21 dona zargarlik buyumlari yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.